09:10 (08.07.2025)
56
Statista’ning maʼlumotlariga koʼra, 2025 yilda Osiyoda farmatsevtika bozori 248,8 milliard АQSh dollarga yetishi kutilmoqda.
Sanoat oʼsishiga taʼsir qiluvchi asosiy omillar qatorida aholining qarishi natijasida surunkali kasalliklarni davolashga boʼlgan ehtiyojning ortishi, shuningdek, oʼrta toifa aholining koʼpayishi va daromad darajasining oʼsishi qayd etilgan. Bu esa dori-darmonlar hamda sogʼliqni saqlash mahsulotlariga boʼlgan xarajatlarni oshirishga turtki bermoqda.
Markaziy Osiyo, jumladan Oʼzbekiston, mintaqaviy farmatsevtika bozori tuzilmasida muhim oʼrinni egallaydi. Respublika xalqaro ishlab chiqaruvchilar tomonidan barqaror qiziqishga sabab boʼlmoqda, deyiladi Proxima Research'ning Oʼzbekistonning Osiyo farmatsevtika bozoridagi oʼrniga bagʼishlangan tahliliy maqolasida.
Oʼzbekiston bozoridagi isteʼmol tendentsiyalari va bozorning tuzilmasi
2025 yilning 1-choragi yakuniga koʼra, Oʼzbekiston chakana farmatsevtika bozori hajmi pul bilan ifoda etilganda 520 million АQSh dollarini tashkil etdi. Miqdor jihatidan esa dori-darmonlar va biologik faol qoʼshimchalar (BАD) savdosi 1-chorakda 151 million paketga baholandi.
Qoʼshni Qozogʼiston Respublikasi bilan solishtirganda, ushbu koʼrsatkichlar dollarda 26%, paketlarda esa 11,9% ga yuqori boʼldi. Bunga Oʼzbekiston hududi kichikroq boʼlsa-da, aholining koʼpligi sabab boʼlishi mumkin-deyiladi maqolada.
Oʼzbekistonda dori-darmonlar va biologik faol qoʼshimchalar savdosining pul bilan ifoda etilgan hajmi oʼtgan yilning mos davriga nisbatan 3,8% ga oshgan, ammo miqdoriy koʼrsatkichlar boʼyicha 11,5% pasayish kuzatilgan. Isteʼmolning asosiy qismi dori-darmonlarga toʼgʼri keladi – pul va miqdor jihatdan 90% dan ortiq, biologik faol qoʼshimchalar esa mos ravishda 10% dan kamroq ulushga ega.
2023–2024 yillarda Oʼzbekiston farmatsevtika bozori pul bilan ifoda etilganda faol oʼsishni koʼrsatgan, biroq oʼrganilayotgan davrda sekinlashuv kuzatilmoqda. Shu bilan birga, isteʼmolni qisqarishning barqaror tendentsiyasi qayd etilgan.
Oʼzbekiston dorixonalarida dori vositalari savdosining asosiy qismi retsept asosida beriladigan preparatlarga toʼgʼri keladi. Shu bilan birga, Oʼzbekiston farmatsevtika bozori importga (Qozogʼistonda boʼlgani kabi) yuqori darajada bogʼliq. 2025 yil 1-choragida import dori vositalarining ulushi pul ifodasida 89%, miqdor jihatidan esa 65% ni tashkil etdi. Shu tariqa, miqdoriy jihatdan mahalliy ishlab chiqarilgan dorilar umumiy savdoning uchdan bir qismini tashkil qilgan boʼlsa-da, pul ifodasida bu koʼrsatkich bor-yoʼgʼi 11% ni tashkil qilmoqda.
Oʼzbekistonda faoliyat yurituvchi marketing kompaniyalari orasida dori vositalari savdosi hajmi boʼyicha xalqaro kompaniyalar yetakchilik qilmoqda. Jumladan, KRKA, Yuriya-Farm va STADA birinchi uchlikni shakllantirgan. Bu esa mamlakat bozorining importga nisbatan ochiqligini va xalqaro ishlab chiqaruvchilarga yuqori talab mavjudligini koʼrsatadi.
Tahlil qilinayotgan davrda АTS (anatomo-terapevtik-kemyoviy) klassifikatsiyasi boʼyicha asosiy ulushni hazm tizimi va metabolizmga taʼsir etuvchi vositalar, qon tizimi va gemopoezga taʼsir etuvchi vositalar, shuningdek, mikroblarga qarshi vositalar egalladi. Birinchi oʼntalikda savdo hajmi boʼyicha eng katta oʼsishni dermatologik vositalar, shuningdek, yurak-qon tomir tizimiga taʼsir qiluvchi dori vositalari nomoyon etdi. mahsulotlar koʼrsatdi.
Preparatlar brendlari orasida Tivrotin savdo hajmi boʼyicha reytingning birinchi pogʼonasini egalladi. TOP-3 roʼyxatni shuningdek Reosorbilakt va L-lizina estsinat toʼldirdi.
Oʼzbekistonda biologik faol qoʼshimchalar (BАD) sotuvi hajmi boʼyicha yetakchi marketing tashkilotlar reytingida birinchi oʼrinni Synergy Pharmco egalladi. Undan keyingi oʼrinlarda Asia Pharm Group va Bayer Consumer Care joy olgan.
Oʼzbekiston poytaxti — Toshkent dori vositalari va BАD savdosi boʼyicha umumiy tovar aylanmasining 32% ni taʼminlab, bozordagi eng katta ulushga ega. Shu bilan birga, 2025 yil 1-choragida hududlar ham ahamiyatli hisoblanadi. Ular absolyut koʼrsatkichlar boʼyicha Toshkentdan ortda qolsa-da, dori vositalari va biologik faol qoʼshimchalar savdosining pul ifodasida yuqori oʼsish surʼatini namoyon etmoqda.
Oʼzbekiston farmatsevtika bozorining muhim rivojlanish tendentsiyalaridan biri — dorixona biznesining birlashuvidir. 2022–2024 yillar davomida dorixona tarmoqlari ulushi barqaror oʼsib borgan. 2025 yil 1-choragi yakunlariga koʼra, tarmoqli dorixonalarning bozordagi ulushi 40,6% ni tashkil etmoqda.