09:00 (28.11.2025)
302
O‘tgan yil sentabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari dori vositalarining markirovka kodlari bo‘yicha axborot almashish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Ushbu qadam har ikki mamlakat farmatsevtika sohasining rivojlanishida muhim bosqich sifatida baholanib, bugungi kunda amaldagi ilk natijalarini ko‘rsatmoqda.
Bitim dori vositalarini transchegaraviy yetkazib berishni soddalashtirish va milliy tizimlar — Rossiyaning Chestny Znak va O‘zbekistonning Asl Belgisi tizimida ro‘yxatdan o‘tgan raqamli kodlarni o‘zaro tan olish uchun texnologik asos yaratishga qaratilgan.
Yangi mexanizmni amalda sinovdan o‘tkazish maqsadida Rossiyadan O‘zbekistonga markirovkalangan dori vositalarining birinchi signal partiyasi yetkazildi. Bojxona nazoratidan o‘tkazilgandan so‘ng preparatlar erkin muomalaga kiritildi va ularning kodlari Asl Belgisi tizimi tomonidan muvaffaqiyatli tarzda tan olindi.
Importchi “Astor Alyans” kompaniyasi dori vositalarini O‘zbekiston dorixona tashkilotlariga yetkazib berdi. Barcha bosqichlarda – chegaradan o‘tishdan tortib dorixona rastalariga joylashtirishgacha – mahsulot harakatini to‘g‘ri va uzluksiz kuzatish amalda tasdiqlandi.
Sinov natijalariga ko‘ra, “Chestnыy znak” tizimida qo‘llanilgan kodlarni tan olish mexanizmi to‘liq yo‘lga qo‘yilgan va farmatsevtika bozorining barcha ishtirokchilari uchun foydalanishga tayyor holga keltirilgan.
Shu bilan birga, milliy markirovka tizimi Asl Belgisi operatorы — CRPT TURON mutaxassislari mahalliy dori vositalari ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dori vositalarini yetkazib berish jadvallarini shakllantirmoqda. Ushbu preparatlar ham Rossiya Federatsiyasi hududida kodlarni tan olish jarayonidan o‘tkaziladi.
Markirovka kodlarini o‘zaro tan olish davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi, markirovkalanmagan yoki qalbaki dori vositalari aylanmasi xavfini kamaytiradi hamda dori vositalari sifatini samarali nazorat qilish imkonini beradi. Rakamli kuzatuv tizimi aholi salomatligini muhofaza qilish va farmatsevtika bozorida halol raqobatni rivojlantirishning muhim vositasiga aylanmoqda.
Shu bilan birga, yangi tartib faqat raqamli kodlarni tan olish jarayoniga taalluqli bo‘lib, bozor ishtirokchilarini davlat tomonidan belgilangan majburiy talablardan ozod etmaydi. O‘zbekiston va Rossiya qonunchiligida nazarda tutilgan ro‘yxatdan o‘tkazish, ekspertiza, sertifikatlashtirish va boshqa barcha tartib-taomillar o‘z kuchida qoladi.