09:00 (24.09.2025)
815
Rossiya Fanlar akademiyasining eritmalar kimosi instituti olimlari «aqlli” gidrogellar asosida revmatoid artritga qarshi dori vositasining yangi shaklini ishlab chiqdi.
Uni oyiga bir marta qo‘llash mumkin. Metodika dori vositasini yallig‘langan joyga aniq va nazorat qilingan tarzda chiqarish uchun ishlab chiqilgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, hozirgi kunda artritni davolash uchun mo‘ljallangan dori vositalari, asosan, tabletka shaklida ishlab chiqariladi. Biroq, ovqat hazm qilish tizimi orqali o‘tganida faol moddaning katta qismi yo‘qoladi va barqaror ta’sirga erishish uchun dorini tez-tez qabul qilish talab etiladi.
Inyeksiyalar tezroq ta’sir qiladi, ammo yuqori dozalar nojo‘ya ta’sirlarga olib kelishi mumkin.
Yangi ishlanma – bu organizmga kirganida gelga aylanuvchi plyuroniklar nomli polimerlardan iborat suyuq eritma hisoblanadi. Olimlar ushbu gel tarkibiga yallig‘lanishga qarshi vosita — leflunomid preparatini qo‘shishdi.
Yangi davolash usuli inson bo‘g‘imining sinovial suyuqligiga yaqin muhitda allaqachon sinovdan o‘tkazildi.
Gelning yuqori qovushqoqligi tufayli dori vositasi sekin va yo‘naltirilgan holda chiqarildi. Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, bunday usuldan foydalanish inyeksiyalar sonini oyiga bir martagacha kamaytirish imkonini beradi.
Tizim, shuningdek, faol moddani "qadoqlaydigan" tuzilmalar — mitsellalarni shakllantirish orqali yomon eriydigan dorilarning eruvchanligini yaxshilash imkonini berdi.
«Olingan gellar xossalarining o‘zgaruvchanligi leflunomidning optimal dozasini berish va uni organizmga nazorat ostida kiritish imkoniniberadi”, dedi laboratoriya ilmiy xodimi, kimyo fanlari nomzodi Mixail Agafonov