12:00 (28.11.2025)

281

Demensiya rivojlanish xavfini 83% ga oshirishi mumkin boʻlgan holat maʼlum qilindi

Infeksion kasallik demensiya rivojlanish xavfini 83 foizga oshirishi mumkin. Bu xulosaga Singapur Milliy universiteti olimlari kelgan. Tadqiqot natijalari Aging jurnalida eʼlon qilingan.

Sharhga toʻrt milliondan ortiq inson ishtirok etgan 16 ta tadqiqot natijalari kiritilgan. Olimlar statsionar davolanishni talab etgan infeksiyani boshdan kechirish va undan keyingi kognitiv salomatlik holati oʻrtasidagi uzoq muddatli bogʻliqlikni tahlil qilgan.

Infeksiya sababli kasalxonaga yotqizilgan bemorlarda demensiya rivojlanish xavfi har qanday sabab boʻyicha 83 foizga yuqori boʻlgan. Eng kuchli bogʻliqlik sepsis bilan, shuningdek, oʻpka yalligʻlanishi (pnevmoniya), siydik yoʻllari infeksiyalari, teri va yumshoq toʻqimalar infeksiyalarida kuzatilgan.

Shu bilan birga, keyinchalik qon-tomir demensiyasi rivojlanish ehtimoli Alsgeymer kasalligiga nisbatan ancha yuqori ekani aniqlangan.

Tadqiqotchilarning fikricha, ehtimoliy mexanizmlardan biri infeksiya tufayli yuzaga keladigan tizimli yalligʻlanish hisoblanadi. Yalligʻlanish molekulalari qon-miya toʻsigʻidan (qon aylanish tizimi va markaziy asab tizimi oʻrtasidagi fiziologik toʻsiq) oʻtib, toksik oqsillarning toʻplanishiga va neyronlarning nobud boʻlishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu jarayon ayniqsa keksa yoshdagi insonlarda kuchayishi mumkin, chunki ularning immun tizimi tiklanishi ancha sekin kechadi.

Xavf kasalxonaga yotqizilganidan keyingi birinchi yil davomida eng yuqori boʻlgan, shu bilan birga koʻp yillar davomida yuqori darajada saqlanib qolgan. Kuzatuv davri oʻn yildan ortiq boʻlgan tadqiqotlarda esa infeksiyalar va demensiya oʻrtasidagi bogʻliqlik yanada aniqroq namoyon boʻlgan.

Mualliflarning fikricha, bu natijalar kasalxonadan chiqarilgandan soʻng, keksa bemorlarda kognitiv salomatlikni monitoring qilib borish zarurligini koʻrsatadi. Demensiyani oldini olish strategiyalarida nafaqat genetika va turmush tarzi, balki oʻtmishdagi infeksiyalar ham uzoq muddatli xavf omillari sifatida hisobga olinishi kerak.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech