09:08 (29.04.2026)

131

Britaniyalik 500 ming ko‘ngillining tibbiy ma’lumotlari Xitoyning Alibaba platformasida sotuvga qo‘yildi

Buyuk Britaniyaning UK Biobank loyihasi ishtirokchilaridan olingan tibbiy ma’lumotlar atrofidagi vaziyat jamoatchilik e’tiborini tortdi. UK Biobank — dunyodagi eng yirik biologik, tibbiy va xulq-atvorga oid ma’lumotlar bazalaridan biri bo‘lib, unda yuz minglab ko‘ngillilar sog‘lig‘iga oid ma’lumotlar yig‘ilgan. Ushbu baza butun dunyo olimlari tomonidan turli ilmiy tadqiqotlarda foydalaniladi.

Buyuk Britaniyaning raqamli texnologiyalar bo‘yicha vaziri Ian Murrey bildirishicha, 20 aprel kuni hukumatga UK Biobank ma’lumotlari Xitoydagi Alibaba elektron savdo platformalarida bir nechta e’lon orqali sotuvga qo‘yilgani haqida xabar berilgan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur ma’lumotlar orasida ishtirokchilarning ismlari, manzillari, telefon raqamlari va boshqa shaxsiy identifikatsiya qiluvchi ma’lumotlar mavjud emas.

«Uchta e’lon aniqlangan bo‘lib, ularda UK Biobank ishtirokchilarining ma’lumotlari sotilayotgandek ko‘rinadi. Kamida bitta to‘plamda 500 000 nafar barcha ko‘ngillilarning ma’lumotlari mavjud bo‘lishi mumkin”, — dedi u.

Hukumat ma’lumotlar sotuvchi bilan bog‘lanib, e’lonlar olib tashlangunga qadar hech qanday xarid amalga oshirilmaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya hukumati Xitoy tomoni va platforma ma’muriyati bilan hamkorlik qilib, e’lonlarni tezkor ravishda o‘chirishga erishgan.

UK Biobank rahbari ser Rori Kollinz ishtirokchilarga yo‘llagan murojaatida ushbu holat uchun uzr so‘rab, shaxsiy ma’lumotlar xavfsiz saqlanayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, ushbu voqeadan so‘ng tizim xavfsizligini yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda.

Hozirda UK Biobank tadqiqot platformasiga kirish vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, ma’lumotlarni yuklab olish imkoniyatlari qat’iy cheklanmoqda.

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, ma’lumotlar qonuniy asosda uchta ilmiy muassasa tadqiqotchilariga berilgan, ammo keyinchalik ular tashqi savdo platformasida paydo bo‘lgan. Bu holat shartnoma shartlarini buzish sifatida baholansa-da, tashkilot tomonidan ma’lumotlar o‘g‘irlanmagani ta’kidlanmoqda.

UK Biobank — bu tibbiy tadqiqotlar uchun katta ahamiyatga ega platforma bo‘lib, uning ma’lumotlari genetika, kasalliklarning oldini olish va jamoat salomatligini yaxshilash yo‘nalishlarida faol qo‘llaniladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech