15:30 (30.10.2025)
55
Dunyo miqiyosida har daqiqada bir kishi issiq havo tufayli vafot etmoqda. Global isish bilan bog‘liq o‘lim darajasi 1990-yillardan buyon 23%ga oshgan.
Bu haqda The Lancet Countdown hisobotida xabar berildi.
The Lancet Countdown – London universiteti kolledji va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamkorligida tayyorlangan hisobotdir. Unda mutaxassislar iqlim o‘zgarishi aholi salomatligiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida ma’lumot berishadi.
Hisobotda aytilishicha, agar dunyo yetakchilari siyosatini o‘zgartirmasa va neft kompaniyalari yangi konlarni ishlab chiqarishni davom ettirsa, iqlim o‘zgarishi oqibatlari yanada yomonlashadi. Sayyoramizning qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramligi havoning ifloslanishiga, o‘rmon yong‘inlariga va kasalliklarning tarqalishiga olib keladi.
2012-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan davrda dunyo bo‘ylab har yili o‘rtacha 546 000 kishi havo isishi oqibatida vafot etgan. "Bu haqiqatan ham hayratlanarli ko‘rsatkich va u o‘sib bormoqda", dedi Sidney universiteti professori Olli Jey.
So‘nggi to‘rt yilda inson yiliga o‘rtacha 19 kun hayotiga xavf tug‘diradigan issiqlik ta’siri ostida qolgan. Agar inson faoliyati sabab yuzaga kelayotgan global isish bo‘lmaganida, bu faqat 3 kunni tashkil etgan bo‘lar edi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, global isish nafaqat inson salomatligi, balki mehnat unumdorligi va iqtisodiy barqarorlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tadqiqot mualliflari barcha davlatlarni tez fursatda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga o‘tish, shahar infratuzilmasini issiq iqlimga moslashtirish, hamda ekologik toza mahsulotlardan tashkil topgan ratsionni keng joriy etishga chaqirmoqda.