09:00 (03.03.2026)

148

Bolalikdagi tish kariyesi katta bo‘lganda infarkt xavfini 45% ga oshiradi

Kopengagen universiteti olimlari bolalikdagi kariyes va og‘ir milk kasalliklari katta bo'lganda infarkt, insult va ishemik yurak kasalliklari xavfining oshishi bilan bog‘liq ekanini aniqlashdi.

Tadqiqot natijalari International Journal of Cardiology jurnalda e’lon qilindi. Tadqiqot 1963–1972 yillar oralig‘ida Daniyada tug‘ilgan 568 778 kishi ma’lumotlariga asoslangan. Olimlar Milliy bolalar stomatologiyasi reyestridagi ma’lumotlarni Milliy bemorlar registridagi yurak-qon tomir kasalliklari yozuvlari bilan taqqoslashgan.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki: bolalikda bir necha marta kariyes bilan og‘rigan odamlarda katta yoshda yurak-qon tomir kasalliklari xavfi tish muammosi kam bo‘lganlarga nisbatan 45% ga yuqori bo‘lgan.

Og‘ir gingivitni boshdan kechirganlarda esa xavf 41% ga oshgan. Shuningdek, bolalikda og‘iz bo‘shlig‘i holati qanchalik yomon bo‘lsa, katta yoshda yurak kasalliklari rivojlanish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘lishi aniqlangan.

Mualliflar ta’kidlashicha, bu yerda gap to‘g‘ridan-to‘g‘ri sabab-oqibat bog‘liqligi isboti haqida emas, balki statistik bog‘liqlik haqida ketmoqda. Mumkin bo‘lgan mexanizmlardan biri — surunkali yallig‘lanish. Tadqiqotchilar fikricha, bolalikda kariyes va milk kasalliklari paytida yuzaga keladigan yallig‘lanish jarayonlari keyinchalik immun tizimi faoliyatiga ta’sir qilishi va ateroskleroz rivojlanishiga turtki berishi mumkin.

Olingan ma’lumotlar parodontit va yurak-qon tomir kasalliklari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatgan avvalgi tadqiqotlar natijalariga mos keladi.

Olimlar fikricha, bu xulosalar bolalikdan boshlab stomatologik muammolarning oldini olish muhim ekanini ko‘rsatadi. Bu esa uzoq muddat yurak-qon tomir salomatligini saqlashda muhim omil bo‘lishi mumkin.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech