13:00 (06.07.2026)
85
Provizorning taʼkidlashicha, temir preparatlari, antidepressantlar, tutqanoqqa qarshi dorilar va antibiotiklarni choy bilan qabul qilish tavsiya etilmaydi. Chunki choy ayrim dori vositalarining organizmda soʻrilishiga xalaqit berishi mumkin.
Mutaxassisning tushuntirishicha, choy tarkibida taninlar deb ataluvchi oshlovchi moddalar mavjud. Ular choyga oʻziga xos taxir taʼm beradi. Taninlar dori vositasining faol moddasi bilan kimyoviy reaksiyaga kirishib, erimaydigan birikmalar hosil qiladi. Natijada yirik molekulalar paydo boʻladi va ular ichak devori orqali soʻrilmaydi. Bu esa dori organizm orqali deyarli taʼsir koʻrsatmasdan chiqib ketishiga sabab boʻlishi mumkin.
Yana bir muhim omil — kofein. U kuchli ragʻbatlantiruvchi modda boʻlib, jigar fermentlari faoliyatiga taʼsir qiladi. Bu ayrim dorilarning qondagi miqdorini oshirib, nojoʻya taʼsirlar xavfini kuchaytirishi yoki aksincha, ularning davolovchi taʼsirini susaytirishi mumkin.
Choy bilan qabul qilish tavsiya etilmaydigan dori guruhlari:
???? Temir preparatlari
Taninlar temir bilan mustahkam birikib, uning organizmda soʻrilishini ikki baravardan ham koʻproq kamaytirishi mumkin.
???? Antidepressantlar va neyroleptiklar
Bu dorilarni choy bilan qabul qilish kutilgan tinchlantiruvchi taʼsirni oʻzgartirishi mumkin. Ayrim neyroleptiklarda kofein preparatning qondagi konsentratsiyasini oshirib, nojoʻya taʼsirlarni kuchaytiradi.
???? Antibiotiklar
Taninlar baʼzi antibiotiklar bilan birikib, ularning bakteriyalarga qarshi samaradorligini pasaytirishi mumkin.
???? Tutqanoqqa qarshi preparatlar
Choy tarkibidagi kofein ushbu dorilarning himoya taʼsirini susaytirib, tutqanoq xuruji xavfini oshirishi mumkin.
Dorilarni qanday qabul qilish kerak?
Mutaxassislarning eng oddiy va universal tavsiyasi — dorilarni oddiy toza suv bilan qabul qilish, choy va qahvani esa alohida ichishdir.
Koʻpchilik dori vositalari uchun choy yoki qahva bilan qabul qilish orasida 30–60 daqiqa tanaffus qilish kifoya. Ammo temir preparatlari va ayrim antibiotiklar uchun bu tanaffus kamida 2 soat boʻlishi tavsiya etiladi.
Eslatma: Barcha antibiotiklar yoki boshqa dorilar choy bilan bir xil darajada oʻzaro taʼsirga kirishmaydi. Shuning uchun dori vositasini qabul qilishdan oldin yoʻriqnomani oʻqish yoki shifokor yoki farmatsevt bilan maslahatlashish maqsadga muvofiq.