14:51 (28.04.2025)

366

Xususiy klinikalardagi ko‘ngilsiz holatlar yuzasidan sog‘liqni saqlash vaziriga deputatlik so‘rovi yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi, deputat Gulnora Abduvohidova so‘nggi vaqtlarda xususiy klinikalarda o‘lim bilan bog‘liq holatlar ko‘p kuzatilayotganligi bois O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Hudayarovga deputatlik so‘rovi yubordi.

Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lum bo‘lishicha, deputat o‘z so‘rovida, xususiy shifoxonalarda tibbiyot xodimlarining o‘z vazifalarini lozim darajada bajarilmasligi yoki noto‘g‘ri tashxis va muolaja sababli bemorlar o‘limi yildan yilga oshib borayotganligini ta’kidlab o‘tgan (2023-yilda – 67 nafar, 2024-yilda – 94 nafar, 2025-yilning birinchi choragida – 16 nafar).

Shuningdek, deputatlik so‘rovida Sog‘liqni saqlash vazirligiga "Xususiy tibbiyot muassasalarida ushbu noxush holatlar ko‘payishining asl sabablari nimada va ularning oldini olish bo‘yicha vazirlik tomonidan qanday choralar ko‘rilmoqda?", "Xususiy klinikalarda ro‘y bergan har bir inson o‘limi, nogironlik yoki sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazish holati vazirlik tomonidan tahlil qilinganmi va ularning takrorlanmasligi uchun qanday amaliy ishlar qilingan?", "Xususiy tibbiyot muassasalarida muolajalarning to‘g‘ri qo‘llanilishi va tasdiqlangan tibbiy protokollarga amal qilinishi ustidan tizimli nazorat mexanizmi mavjudmi?",  "Bu borada qanday aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?", "Vazirlik aholi salomatligini ishonchli himoya qilish maqsadida xususiy klinikalar uchun lisenziya talablari va shartlarini qat’iylashtirish bo‘yicha qanday taklif va tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda?" - kabi savollar berilgan.

Deputat Abduvohidova «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston qonunining 15-moddasiga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vaziridan yuqoridagi savollarga 10 kun muddat ichida asoslantirilgan javob berishni so‘ragan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech