11:42 (15.07.2025)
77
"O‘zbekiston prezidentining ayrim hujjatlarida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vazifa va funksiyalari o‘zgarishi munosabati bilan hukumat ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining tashkiliy tuzilmasi, asosiy vazifalari, funksiyalari va faoliyatini qayta ko‘rib chiqish; Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi bilan bog‘liq tartib va mezonlarni qayta ko‘rib chiqish.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, agentlik farmatsevtika sanoati barqaror rivojlanishi uchun javobgar bo‘lgan vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Agentlik o‘z faoliyatini respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, Sog‘liqni saqlash vazirligining tarkibiy bo‘linmalari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
Agentlik tizimiga quyidagilar kiradi:
- markaziy apparat;
- Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti;
- O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti;
- «Sharq tabobati» ilmiy-tadqiqot instituti;
- Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi davlat muassasasi;
- «Zarur amaliyotlar markazi» davlat muassasasi;
- Farmatsevtika texnik universiteti davlat muassasasi;
- Pharm Service davlat muassasasi.
Quyidagilar agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- farmatsevtika va kosmetika mahsulotlari hamda biologik faol qo‘shimchalar sanoatini rivojlantirish, farmatsevtika tarmog‘ini, jumladan, uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yo‘li bilan barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- farmatsevtika va kosmetika mahsulotlari, biologik faol qo‘shimchalar va dorivor o‘simliklar bozori konyukturasini o‘rganish, aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining ushbu mahsulotlar bilan ta’minlanganlik holatini tizimli tahlil qilish, uning asosida ichki bozorni yanada to‘ldirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
- tarmoq korxonalariga yetakchi xorijiy farmatsevtika va kosmetika mahsulotlari, biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, ularga raqobatbardosh, yuqori sifatli mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishda ko‘maklashish;
- tarmoq korxonalariga ilg‘or xorijiy amaliyot va xalqaro standartlarni tatbiq etishga ko‘maklashish, shuningdek, ushbu ishlarni muvofiqlashtirish; dorivor o‘simliklar va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tibbiy ahamiyatini aholi orasida keng targ‘ib qilish hamda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil qilish;
- tarmoq yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilishini tashkil etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda ko‘maklashish; mahalliy hokimliklar bilan birgalikda hududiy farmatsevtika korxonalarining investitsiya loyihalarini monitoring qilish va hisobini yuritish;
- farmatsevtika sohasini raqamlashtirish va axborot dasturlarini joriy etish.
Loyiha bilan tanishib, o‘z takliflaringizni qoldiring.