15:20 (10.09.2025)
91
Hatto odatiy dori vositalari ham bir-biri bilan oʻzaro taʼsirga kirishib, davolash samarasini pasaytirishi yoki nojoʻya taʼsirlarni kuchaytirishi mumkin.
Notoʻgʻri tanlangan dori vositalarining birgalikda qoʻllanilishi jiddiy asoratlarga — kuchli uyquchanlik, qon ketishi va hatto yurak faoliyatidagi buzilishlarga olib kelishi mumkin. Bu haqda farmakolog Aleksandr Bыkov maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, shifokor koʻrsatmasiga amal qilmasdan, ayniqsa toʻrtta eng xavfli dori juftligini bir vaqtda qoʻllash bemorning salomatligiga jiddiy tahdid solishi mumkin.
Birinchi xavfli juftlik — bu aspirin va yalligʻlanishga qarshi dori vositalari. Aspirinning nojoʻya taʼsirlaridan biri — oshqozon shilliq qavatini tirnash xususiyatidir. Nesteroid yalligʻlanishga qarshi preparatlar masalan, ibuprofen, diklofenak, ketoprofen ham xuddi shu taʼsirga ega. Ular birgalikda qabul qilinganda bu taʼsir yanada kuchayadi va eroziya hamda yaralar paydo boʻlishi oqibatida oshqozondan qon ketish xavfini keskin oshiradi. Ayniqsa, bu kabi birikmalar keksalar hamda gastrit yoki oshqozon yarasi boʻlgan bemorlar uchun juda xavfli hisoblanadi.
Ikkinchi xavfli juftlik — bu allergiyaga qarshi dori vositalari va shamollashga qarshi poroshoklar. Farmakologning soʻzlariga koʻra, bunday kombinatsiya lanjlik va uyquchanlikka olib kelishi mumkin.
Koʻplab antigistamin (allergiyaga qarshi) preparatlar, ayniqsa birinchi avlodga mansublari gematoensefalik toʻsiq orqali miyaga yetib boradi va markaziy asab tizimi faoliyatini susaytiradi. Shamollashga qarshi kukunlar hamda baʼzi tinchlantiruvchi vositalar bunday taʼsirni yanada kuchaytiradi.
Bunday dori vositalarini birgalikda qabul qilish — kuchli suskashtlik, muvozanat buzilishi va miyada “tuman” paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. Bunday kombinatsiyadan soʻng avtomashina boshqarish juda xavfli.
Uchinchi xavfli juftlik — bu kalsiy preparatlari va ich qotiruvchi dori vositalari.
Kalsiy ichak motorikasini sekinlashtiradi va ich qotishini keltirib chiqarishi mumkin. Ich ketishga qarshi dorilar ham shunday taʼsirga ega boʻlib, ularning birgalikda qoʻllanilishi ichak faoliyatini deyarli toʻxtatib qoʻyadi. Bu nafaqat ich qotishi, balki ichak faoliyati buzilishi mumkin. Ayniqsa, keksalar bunday kombinatsiyaga nisbatan ehtiyotkor boʻlishlari kerak, chunki yosh oʻtgan sari ichak motorikasi fiziologik jihatdan sekinlashadi.
Soʻnggi xavfli juftlik — bu yurak glikozidlari va peshob xaydovchi (diuretik) preparatlari. Bu dori vositalarining birgalikda qoʻllanilishi yurak faoliyatining buzilishiga olib kelishi mumkin.
Yurak glikozidlari (masalan, digoksin) yurak yetishmovchiligi va aritmiyalarda uning faoliyatini kuchaytiradi, biroq ularning taʼsiri qondagi kaliy miqdoriga bevosita bogʻliq.
Peshob haydovchi (diuretik) preparatlar — furosemid, gidroxlortiazid kabi vositalar — kaliyni organizmdan chiqarib yuborib, gipokaliyemiyani keltirib chiqaradi. Bunday sharoitda glikozidlar toksik taʼsirga ega boʻlib qoladi: aritmiya, blokada va hatto yurak toʻxtab qolish xavfini oshiradi.
Xavfni kamaytirishning eng oddiy usullaridan biri — dori vositalarini bir vaqtda emas, maʼlum interval bilan qabul qilishdir. Oddiy qilib aytganda, dorilarni 2–4 soatlik farq bilan qabul qilish birinchi dori vositasining soʻrilishiga imkon beradi va ularning oʻzaro taʼsirini kamaytiradi.
Biroq bu usul hamma holatda ham ish bermaydi. Shu sababli asosiy qoida shundaki — hech qanday dori vositalarini mutaxassis bilan maslahatlashmasdan birgalikda qabul qilmaslik kerak, — deya taʼkidladi mutaxassis.