17:30 (24.10.2025)
54
Hukumatning "Raqobatni ta’minlashga ko‘maklashish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 667-son qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) tomonidan “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini amalga oshirish tartiblari belgilandi. Bu orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida qonun talablariga rioya etilishini NNTlar tomonidan xolis baholash tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, endilikda Raqobat qo‘mitasi tomonidan hamda tajriba davrida nodavlat tashkilotlar ishtirokida nazorat xaridi tadbirlari quyidagi qoidalar asosida amalga oshiriladi:
- Nazorat xaridi va “sirli mijoz” tadbirlari qonuniylik, xolislik va maxfiylik prinsiplariga asosan o‘tkaziladi;
- Bu tadbirlar bo‘yicha reja Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilib, rasmiy tarzda tasdiqlanadi;
- Har bir tadbir bo‘yicha mas’ullar, joy, muddat, tekshiriladigan majburiy talablar va foto-video qayd etish tartibi buyruq bilan belgilanadi;
- Nazorat xaridi jarayonida olingan namuna va ma’lumotlar tegishli laboratoriyalarda sinovdan o‘tkaziladi;
- Agar tovar yoki xizmat qonun talablariga mos kelmasa, tegishli vakolatli organlarga yuboriladi va jamoatchilikka axborot beriladi;
- Birinchi marta qonunbuzarlik aniqlansa, tushuntirish va yordam choralari ko‘riladi, takroriy hollarda esa tekshiruv belgilanadi;
- Nodavlat tashkilotlar o‘z mablag‘lari hisobidan tadbirlarni amalga oshiradi, Qo‘mita esa ushbu faoliyatni muvofiqlashtiradi va metodik yordam ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, qaror orqali sog‘liqni saqlash sohasida “sirli mijoz” usuli bilan tibbiyot va dorixona xizmatlari sifatini baholash hamda chakana savdoda nazorat xaridi jarayonlarini qonun doirasida yo‘lga qo‘yish uchun huquqiy asos yaratildi.