09:00 (29.01.2026)
187
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) biologik faol qo‘shimchalar yoki boshqa oziq-ovqat qo‘shimchalariga bag‘ishlangan alohida meyoriy-huquqi bazaga ega emas.
Bu haqda JSSTning Rossiyadagi ofisi rahbari Batir Berdiklichev TASS agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan birgalikda Codex Alimentarius (lotincha — Oziq-ovqat kodeksi) deb nomlanuvchi xalqaro standartlarni ishlab chiqish va joriy etish ustida ishlaymiz. Ushbu kodeks barcha asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan mineral va vitamin qo‘shimchalari uchun standartlarni qamrab oladi”, — dedi ekspert.
«JSST da aholining barcha qatlamlari uchun biologik qo‘shimchalarni keng ko‘lamda qo‘llash bo‘yicha umumiy tavsiyalar mavjud emas. Oziq-ovqat qo‘shimchalari biz tomonimizdan muayan zaif aholi guruhlarida aniq mikronutriyentlar yetishmovchiligi aniqlangan hollarda maqsadli aralashuv vositasi sifatida ko‘rib chiqiladi”, — dedi Berdiklichev. U misol sifatida homilador ayollarga foliy kislotasi va temir moddasi qabul qilish tavsiya etilishini qayd etdi.
«Boshqalar uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalarini yetarli miqdorda sabzavot, mevalar, donli mahsulotlar va boshqa tabiiy oziq-ovqatlar bilan birga sog‘lom va muvozanatli ovqatlanishdan olishi muhim”, — deya ta’kidladi JSST vakili.
Shuningdek, u odamlarni "ilmiy dalillar mavjud bo‘lmagan holda" biologik faol qo‘shimchalar qandaydir kasalliklarni davolaydi yoki ulardan himoya qiladi, degan marketing va’dalariga ishonib qolmaslikka chaqirdi.