10:00 (15.12.2025)

179

“Elektron retsept” tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi qabul qilindi

“Elektron retsept” tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi qabul qilindi.

Unga koʻra:

 1) Toshkent shahri va 15 ta tajriba-sinov tuman (shahar)lari hududida “Elektron retsept” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilib, shifokor tomonidan dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlanishi boʻyicha elektron retseptlar rasmiylashtiriladi va elektron tizimga kiritiladi;

2) zarur texnik imkoniyatlar mavjud boʻlganda, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari DMED axborot tizimiga bepul ulanadi hamda ularning axborot tizimlari Sogʻliqni saqlash vazirligining raqamli platformasiga integratsiya qilinadi;

3) “Elektron retsept” tizimi asosida beriladigan dori vositalarining roʻyxati bosqichma-bosqich shakllantirilib, bunda alohida roʻyxatlar ijtimoiy xavf va sohada yuzaga keladigan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda har bir bosqichda Ekspertlar kengashi tomonidan tayyorlanadi hamda tasdiqlanadi;

4) tizimli taʼsirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar hamda gormonal dori vositalari uchun elektron retsept majburiy boʻlishini nazarda tutuvchi birinchi bosqich belgilanadi;

5) shifokorning elektron retseptlarni yozish boʻyicha vakolatlari, shu jumladan muayyan tibbiyot tashkilotida mavjud boʻlmagan dori vositalarini tayinlash va keyinchalik dorixonalar farmatsevtlari tomonidan ushbu maʼlumotni tizimga kiritishning huquqiy asoslari mustahkamlanadi;

6) dorixonalarda retseptli dori vositalarini elektron retsept asosida berish (shu jumladan, bemorning JSHSHIRi orqali) tartibi belgilanadi, qolaversa, tizim toʻliq joriy etilgunga qadar va favqulodda vaziyatlarda istisno tariqasida qogʻoz koʻrinishidagi retseptlarni rasmiylashtirish imkoniyati saqlab qolinadi;

7) bemor yoki uning vakilida elektron retsept boʻlmagan taqdirda, dorixona farmatsevtiga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (qogʻoz yoki elektron shaklda) asosida JSHSHIRni kiritib, tizim orqali elektron retsept bilan tanishish va retsept boʻyicha dori vositasini berish huquqini taqdim etuvchi  mexanizm belgilanadi;

8) yurtimiz va chet el fuqarolarining tibbiy yordam va dori vositalarini olish (shu jumladan shoshilinch holatlarda) huquqlari taʼminlanadi, shuningdek, tizimni joriy etish bosqichlari va dori vositalari roʻyxatlari toʻgʻrisida aholi rasmiy manbalar orqali xabardor qilib boriladi;

9) doimiy tushuntirish ishlari va qayta aloqa tizimi, shu jumladan kecha-kunduz ishlaydigan 1003 “Sall-markaz”i faoliyati yoʻlga qoʻyilib, u orqali:

- yotoq rejimidagi va surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarning oʻz oilaviy shifokoriga murojaat qilishi;

- oilaviy shifokorga (tegishli hollarda tor soha mutaxassislariga) masofadan turib murojaat qilgan holda elektron retsept olishi;

- koʻrsatmalar mavjud boʻlganda, patronaj xizmatining tashkil etilishi va zarur tibbiy xizmatlar uyda koʻrsatilishi taʼminlanadi;

10) davolovchi shifokorning qaroriga koʻra, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga:

– 60 kungacha davolanish davrida – Xalqaro kasalliklar tasnifiga muvofiq kodlanadigan, surunkali kasalliklarni davolashda tayinlanadigan, shuningdek, anabolik faolligi bilan ajralib turadigan dori vositalari uchun;

90 kungacha davolanish davrida - boshqa tayyor dori vositalari uchun (reimbursatsiya doirasida - 30 kungacha) retseptlar yozishning alohida tartibi belgilanadi.

Ushbu hollarda elektron retsept va tegishli QR-kodning amal qilish muddati belgilangan davolash kursi davriga muvofiq uzaytiriladi.

“Elektron retsept” tizimi, eng avvalo, davolash xavfsizligini oshirish, dori vositalarini tayinlashda masʼuliyatni kuchaytirish va ularning aylanmasini tartibga solishga qaratilgan. Ushbu tizim doimiy monitoring asosida fuqarolar va tibbiyot xodimlarining fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech