11:30 (19.02.2026)
173
Savdo-sanoat palatasi binosida davlat xaridlarida ishtirok etuvchi tadbirkorlar va tashkilotlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida davlat xaridlari jarayonidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida muammo va takliflar o‘rganildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farhod Toshpulatovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda davlat buyurtmachilari dori-darmon va tibbiy buyumlar xarid qiladigan yagona platforma ishlab chiqilmoqda. Vazirlik rasmiysining tushuntirishicha, davlat xaridlari elektron tizimida “Farma.xarid.uz” moduli ishlab chiqilmoqda.
“Tibbiyot yo‘nalishidagi barcha platformalarni bir joyga jamlayapmiz. Hozir mahsulotlarni kimdir do‘kondan olyapti yoki turli platformalardan foydalanyapti. Biz barchasini bir joyga yig‘amiz. Bu bo‘yicha ish ketapti”, dedi vazir o‘rinbosari.
Hukumat qaroriga asosan, 2026-yil 1 martdan yangi moduldan foydalanib davlat xaridlarini amalga oshirish Andijon va Namangan viloyatlarida yo‘lga qo‘yiladi. Iyul oyidan esa mexanizm butun respublika bo‘ycha majburiy tarzda joriy etiladi.
2026-yil 1 iyuldan e’tiboran farmatsevtika yo‘nalishi bo‘yicha davlat xaridlarida qatnashish uchun:
dorilarni ishlab chiqaruvchilar GMP sertifikatiga;
tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchilar ISO:13485 sertifikati;
dorilarni ulgurji sotuvchi distributorlar GDP sertifikatiga ega bo‘lishi shart.
O‘z navbatida mahsulotlar sertifikat va guvohnoma amal qilayotgan davrda ishlab chiqarilgan bo‘lishi talab etiladi.
Yangi modulda farmatsevtika mahsulotlarining boshlang‘ich narxini qo‘shni davlatlardagi o‘rtacha narxlar bilan taqqoslash imkoni ham yaratiladi.