09:30 (12.09.2025)
29
“Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (570-son) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 10 dekabrdan boshlab:
— Toshkent shahri hamda Prezidentning PF-88-son Farmoniga muvofiq tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman (shahar)dagi barcha tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini bemorlarga tayinlashda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha (agar mavjud bo‘lsa) elektron retsept rasmiylashtiriladi (alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari hamda reimbursatsiya dasturi bilan bog‘liq jarayonlar bundan mustasno);
— bemorlarga tayinlangan dori vositalari to‘g‘risidagi ma’lumot (xalqaro patentlanmagan yoki original dori nomi, kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi) elektron retseptga bevosita shifokor tomonidan kiritiladi hamda elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlanadi;
— tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarning mavjud axborot tizimlarini Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga va axborot tizimiga ulash yoki ularning so‘roviga asosan ularda vazirlikning "Elektron sog‘liqni saqlash" axborot tizimi modullari bepul o‘rnatiladi;
— tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligining "Elektron sog‘liqni saqlash" axborot tizimiga ulanish uchun zarur moddiy-texnik bazaga, barqaror Internet va elektr tarmog‘iga ega bo‘lishlari shart.