12:03 (22.12.2025)

138

Amerika diabet assotsiatsiyasi diabetga qarshi kurash standartlarini yangiladi

Amerika diabet assotsiatsiyasi 2026-yilgi diabetga qarshi kurash standartlarining yangilangan versiyasini chiqardi. Hujjat yangi tadqiqot va klinik amaliyot maʼlumotlarini hisobga oladi va diabet bilan kasallangan bemorlarni tashxislash, monitoring qilish va davolash boʻyicha tavsiyalarni kengaytiradi.

Asosiy yangiliklardan biri glyukozani uzluksiz monitoring qilish tizimlaridan (NMG) kengroq foydalanish hisoblanadi. Mualliflar taʼkidlashicha, ushbu tizimlar diabet tashxisi qoʻyilgan paytning oʻzidayoq, shuningdek keyingi har qanday bosqichda, agar bu qondagi qand miqdorini yaxshiroq nazorat qilishga yordam bersa, qoʻllanilishi mumkin. Avvalgi qoʻllanma versiyasidan farqli ravishda, endilikda NMG faqat insulin qabul qilayotgan yoki gipoglikemiya xavfi yuqori boʻlgan bemorlargagina emas, balki ushbu texnologiya klinik jihatdan foydali boʻlishi mumkin boʻlgan kengroq bemorlar guruhiga ham tavsiya etilmoqda.

2026-yilgi standartlarda ilk bor oʻsmaga qarshi davolashni boshlayotgan bemorlarda glikemiyani nazorat qilish boʻyicha alohida tavsiyalar berildi. Mutaxassislar mTOR ingibitorlari, PI3K ingibitorlari hamda glyukokortikoidlar qabul qilayotgan bemorlarda qondagi glyukoza darajasini muntazam monitoring qilish zarurligini taʼkidladilar.

Dori vositalari taʼsirida kelib chiqqan giperglikemiyada birinchi qator davo usuli sifatida metformin tavsiya etilgan, ogʻir giperglikemiya holatlarida esa insulin terapiyasini qoʻllash masalasini koʻrib chiqish taklif etilgan. Avvaldan qandli diabeti mavjud boʻlgan bemorlar uchun oʻsmaga qarshi davolash fonida barcha gipoglikemik dorilarni dozasini toʻgʻrilash zarurligi alohida taʼkidlangan.

Hujjatda qandli diabet bilan ogʻrigan bemorlarda vazn ortishini boshqarishga bagʻishlangan alohida boʻlim ajratilgan. Skrining oʻtkazishda tana massasi indeksi (TMI) bilan bir qatorda semirish darajasini koʻrsatuvchi alohida koʻrsatkichdan foydalanish tavsiya etilgan. Mualliflar vazn ortishini davolash uchun qoʻllaniladigan dori vositalari dozasini bemorning individual holati, preparatni koʻtara olishi va nojoʻya taʼsirlarini hisobga olgan holda tanlash hamda bosqichma-bosqich oshirish zarurligini taʼkidladi. Ilk bor GLP-1 retseptorlari agonistlari hamda metabolik jarrohlik insulin terapiyasiga qoʻshimcha ravishda 1-tur qandli diabet va ortiqcha vaznga ega boʻlgan bemorlar uchun mumkin boʻlgan davolash variantlari sifatida koʻrib chiqildi.

Yangilangan tavsiyalarda insulin pomplari va insulinni avtomatik yetkazib berish tizimlarini qoʻllashni boshlash uchun qator talablarni bekor qilish taklif etilgan.

Shuningdek, 2026-yilgi standartlarda 2-tur qandli diabetning oldini olishga qaratilgan ovqatlanish boʻyicha tavsiyalar kengaytirildi. Bunda oʻrta yer dengizi parhezi va kam uglevodli ratsiondan foydalanish ham nazarda tutilgan. Qand miqdorini tushiruvchi dori vositalarini qoʻllashga boʻlgan yondashuvlar yangilandi. Endilikda ular faqat qondagi qand miqdorini nazorat qilish uchun emas, balki yurak-qon tomir tizimi, buyraklar va jigarni himoya qilish maqsadida ham tavsiya etilmoqda.

Qandli diabeti boʻlgan keksa bemorlar uchun mutaxassislar glyukozani uzluksiz monitoring qilish tizimlaridan foydalanish, arterial qon bosimining maqsadli koʻrsatkichlari, jismoniy faollik, oqsil isteʼmoli hamda davolashni individual ravishda tuzatish boʻyicha tavsiyalarni aniqlashtirdi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech