Yangiliklar

not found

Qishloq aholisi onkologik kasalliklardan ko‘proq vafot etadi: tahlil natijalari

Qishloq hududlarida yashovchilar shahar aholisiga nisbatan saratondan ko‘proq vafot etadi va bu farq tobora ortib bormoqda. Bu xulosaga tadqiqotchilar 1969-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda qariyb 28 million o‘lim holatlari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali kelishgan. Tadqiqot natijalari Journal of the National Cancer Institute jurnalida e’lon qilingan. Hozirgi vaqtda saratondan o‘limning eng yuqori ko‘rsatkichlari qishloq hududlarida qayd etilmoqda, eng past ko‘rsatkichlar esa yirik shaharlarda kuzatilmoqda. Holbuki, 1960-yillar oxirida vaziyat aksincha edi: o‘sha paytda aynan katta shahar aholisi onkologik kasalliklardan ko‘proq vafot etardi. Bu o‘zgarish erkaklarda 1990-yillarda, ayollarda esa 2000-yillar boshida yaqqol namoyon bo‘la boshladi. Masalan, ilgarilari qishloq joylarda erkaklar o‘rtasida o‘pka saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi shaharlarga nisbatan past edi, ammo so‘nggi yillarda bu 50 foizdan ham ko‘proqqa oshib ketdi. Mualliflar bu farqni tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarining teng emasligi bilan izohlaydilar. Qishloq hududlarida skrining tekshiruvlari kamroq o‘tkaziladi, davolanish imkoniyatlari cheklangan, xavf omillari yuqoriroq, jumladan chekish kengroq tarqalgan. Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, natijalar sog‘liqni saqlashdagi tengsizlikning o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Diagnostika va davolash imkoniyatlarini yaxshilash orqali o‘lim holatlari kamayishi va qishloq hamda shahar aholisi o‘rtasidagi farq qisqarishi mumkin.

  • 26 Mart, 09:00
  • Batafsil
not found

O‘zbekistonda “10 ming qadam piyoda” tashabbusi tiklanadi

O‘zbekistonda aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 23 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimotda so‘z boradi. Qayd etilishicha, “Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni bir-biriga bog‘lagan holda yangi tizim yaratish rejalashtirilgan. Mazkur sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi o‘rtasida ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani, innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar taqchilligi mavjudligi qayd etilgan. Shu munosabat bilan 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular “Green University” tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi. Loyihaga ko‘ra, tayyorlanadigan o‘quvchi va talabalar soni yil sayin oshirilib, 2028-2029 o‘quv yiliga borib, 10 ming nafarga yetkaziladi. Bakalavriat va magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, yashil iqtisodiyot, atrof-muhit muhandisligi, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanishga qarshi kurashish, barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yo‘nalishlar ochiladi. Ta’lim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan amaliyot uyg‘unlashtiriladi. Universitet ta’lim tizimini rivojlantirish, ilmiy-innovatsion loyihalar va targ‘ibot ishlari uchun katta miqdorda mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini ishga tushirish, shuningdek, Samarqand shahrida GEF-8 assambleyasi va “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.

  • 24 Mart, 16:00
  • Batafsil
not found

Oʻzbekiston va Misr birgalikda gepatit C ga qarshi dori ishlab chiqaradi

Oʻzbekiston va Misr gepatit C ga qarshi birgalikda dori ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi. Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi hamda Misrning “ACDIMA” va “Dentafill PlusDentafill Plus” kompaniyalari vakillari oʻrtasida onlayn muloqot boʻlib oʻtdigan. Muzokaralarda Oʻzbekiston va Misr oʻrtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy dori vositalari ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish va mahalliylashtirish masalalari muhokama qilingan. Qayd etilishicha, tomonlar hamkorlikning birinchi bosqichi sifatida Oʻzbekiston bozori uchun gepatit C virusiga qarshi “Daclatasvir” va “Sofosbuvir” preparatlarini ishlab chiqarishni boshlashga kelishib olgan. Loyiha doirasida ishlab chiqarish texnologiyalarini bosqichma-bosqich Oʻzbekistonga oʻtkazish, misrlik mutaxassislarni jalb etish, mahalliy kadrlarni tayyorlash va ishlab chiqarish quvvatlarini moslashtirish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, uchrashuvda mingdan ortiq turdagi dori vositalarini mahalliylashtirish imkoniyati va Oʻzbekistonda insulin ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istiqbollari koʻrib chiqilgan. Taʼkidlanishicha, ushbu hamkorlik milliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, importga qaramlikni kamaytirish va ikki mamlakat oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. “Bu kabi loyihalar aholini sifatli va hamyonbop dori vositalari bilan taʼminlash hamda Oʻzbekistonning mintaqaviy farmatsevtika xabiga aylanishi yoʻlidagi muhim qadamdir”, deyiladi xabarda.

  • 11 Mart, 11:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech