Yangiliklar

not found

Dorixonalarning “Zarur dorixona amaliyoti” standarti talablari asosida jihozlash uchun yig‘imlar masalasida senator so‘rovi yuborildi

Mamlakatimizda aholini sifati, xavfsizligi va samaradorligi kafolatlangan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika bilan taʼminlash maqsadida “Zarur dorixona amaliyoti” (GPP – good pharmacy practice) standarti ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra 2025-yil 1-yanvarga qadar farmatsevtika mahsulotlarini chakana sotish bilan shug‘ullanuvchi tarmoqli dorixonalar, 2026-yil 1-yanvarga qadar esa boshqa dorixonalar sertifikat olishi zarur. Sertifikat Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi “Zarur amaliyotlar markazi” DUK tomonidan beriladi. Bunda Markaz xodimlari dorixonalar faoliyatini joyiga chiqib tekshiradi, belgilangan talablarga javob bergan dorixonalarga 3 yil muddatga sertifikat beriladi. Amaliyotda esa dorixonalar ushbu sertifikatni olish uchun 8,5 mln so‘mgacha majburiy to‘lov to‘lashga majbur bo‘lmoqda, har 9 oyda o‘tkaziladigan navbatdagi inspeksiya tekshiruvi uchun esa qo‘shimcha 3,2 mln so‘m to‘lov undirilmoqda. Bu esa, jamoatchilik va tadbirkorlar orasida katta norozilikka sabab bo‘lmoqda. Jumladan, ko‘plab dorixona egalari buni qonun bilan belgilanmagan majburiy yig‘im sifatida baholamoqda. Bundan tashqari, o‘tkazilayotgan tekshiruvlarda qo‘yilayotgan talablar litsenziya talablari bilan deyarli bir xil bo‘lib, ortiqcha byurokratik yuk va takrorlanuvchi nazorat choralarini keltirib chiqarmoqda. Shuningdek, tadbirkorlar dorixonalarda sanitariya va gigiyena talablarini taʼminlash bo‘yicha ortiqcha qog‘ozbozlik ko‘payganidan, xona haroratini aniqlovchi termometr uskunalarini har yili qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha ham qo‘shimcha to‘lovlar talab etilayotganidan o‘z noroziligini bildirmoqda. Ortiqcha maʼmuriy yuk va majburiy yig‘imlar bilan bog‘liq bunday holatlarga o‘z vaqtida eʼtibor qaratilmasa, bu farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga va davlat organlariga bo‘lgan ishonch darajasiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Baxrom Abdullayev Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovga senator so‘rovi yubordi. Senator ushbu Agentlik direktoridan GPP sertifikati uchun to‘lovlar qanday hisob-kitoblarga ko‘ra shakllantirilganligi, undirilgan to‘lovlar qayerga sarflanayotgani yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘ragan. Shuningdek, senator GPP sertifikati uchun majburiy to‘lov undirish buyrug‘i bekor qilinsa, GPP sertifikatini joriy qilish bo‘yicha kelgusida qanday choralar ko‘riladi hamda GPP sertifikatini olgan tadbirkorlardan undirilgan to‘lovlar taqdiri nima bo‘ladi, degan masalalarni ham qo‘ygan.

  • 17 Oktyabr, 17:00
  • Batafsil
not found

Sirdaryoda  dorixona xodimlari uchun oʻquv treningi tashkil etildi

Kuni kecha “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining Sirdaryo mintaqaviy boʻlinmasidagi dorixonalar  tarmogʻida faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun  oʻquv treningi tashkil etildi. Ushbu tadbir “Berlin-Ximi” kompaniyasi vakillari hamkorligida amalga oshirildi.  Taʼkidlash joizki, bunday oʻquv-treninglar haftaning payshanba kunlari doimiy ravishda oʻtkazib kelinmoqda. Mazkur tashabbus “Dori-Darmon” AK rahbariyati tomonidan xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, dori vositalarini toʻgʻri tavsiya etishni taʼminlash va aholiga sifatli farmatsevtik xizmat koʻrsatish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan.  Ushbu haftaning treningida dori vositalari ishlab chiqarishdagi dunyo miqyosidagi yetakchi kompaniyalardan biri — “Berlin-Ximi” (Berlin-Chemie) kompaniyasining rasmiy vakillari "Dori-Darmon" AK dorixonalar tarmogʻi orqali aholiga yetkazib berilayotgan bir qator dori vositalari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berishdi. Xususan:  L-Tiroksin — qalqonsimon bez gormoni yetishmovchiligida qoʻllaniladi; Siofor —  qandli diabetning 2 tipini davolash uchun, ayniqsa tana vazni ortiqcha boʻlgan patsiyentlarni davolashda foydalaniladigan preparat; Berlition — diabetik neyropatiyada va metabolik kasalliklarda asab tizimini qoʻllab-quvvatlovchi antioksidant vosita; Yodomarin — yod yetishmovchiligini bartaraf etish va qalqonsimon bez faoliyatini normallashtirish uchun moʻljallangan.  Trening doirasida ishtirokchilar ushbu preparatlarning taʼsir mexanizmi, toʻgʻri dozalash va ularni bemorlarga tavsiya etishda eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan muhim jihatlar bilan tanishdilar. Shuningdek, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan savol-javoblar ham tashkil etildi.  “Berlin-Ximi” vakillari tomonidan “Dori-Darmon” dorixonalaridagi farmatsevtlarning bilimga chanqoqligi va kasbiy yondashuvi yuqori baholandi. Ular ushbu treninglarning doimiy oʻtkazilishi, hodimlar uchun tajriba almashish va bilimlarini boyitib  borishda juda muhim platforma ekanini taʼkidladilar. 100 yildаn ko’prоq vаqtdаn buyon BERLIN-XEMI innоvаtsiоn tаdqiqоtlаr оlib bоrаdi vа yangi, hаmdа sinаlgаn fаrmаtsеvtik mаhsulоtlаrni ishlаb chiqаrаdi. Dunyo miqyosidаgi tаnilgаn, Itаliyaning yеtаkchi fаrmаtsеvtik kоmpаniyasi bo’lgаn MЕNАRINI Gruppning bir qismi sifаtidа BERLIN-XEMI Gеrmаniya, Shаrqiy Yevropa vа MDH mintаqаsidаgi fаrmаtsеvtikа bоzоrlаrigа mаs’uldir.

  • 17 Oktyabr, 15:00
  • Batafsil
not found

Ozarbayjon kompaniyalari vakillari "Dori-Darmon"da

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida tarixan shakllangan yaqin doʻstona munosabatlar oʻz taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichiga koʻtarilgan. Oliy darajadagi muntazam va samarali muloqot tufayli Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklik hamda koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari barcha yoʻnalishlarda jadal ravnaq topmoqda. Soʻnggi yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi yigirma besh foizga oʻsib, bir milliard dollarlik koʻrsatkichga yaqinlashdi. Investitsiya loyihalarining umumiy portfeli toʻrt milliard dollarga yetgan. Bu raqamlar oddiy statistika emas – ular ortida yangi ish oʻrinlari, mahalliy ishlab chiqarish, eksport salohiyati va raqobatbardosh mahsulotlar yotibdi. Joriy yilning 2–3-iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Ozarbayjon Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri rahbarligida B2B va B2G formatlarida muzokaralar va ishbilarmonlik uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Ushbu uchrashuvlarda “Dori-Darmon” AK tijorat direktori Ramil Abdulov faol ishtirok etib, Ozarbayjonning yetakchi farmatsevtika kompaniyalari va “PASHA Investments” investitsiya xoldingi bilan samarali muzokaralar olib bordi. Mazkur uchrashuv natijasi ularoq Ozarbayjonning "PASHA Investments" hamda "Avromed" kompaniyalari vakillari “Dori-Darmon”aksiyadorlik kompaniyasiga tashrif buyurdi. Uchrashuvda "Dori-Darmon" AK Boshqaruv Raisi A.Kamilov, kuzatuv kengashi raisi F.Abutoliyev,  Boshqaruv raisi oʻrinbosarai U.Roʻziyeva,tijorat direktori R.Abdulov hamda rivojlantirish va investitsiya direktori A.Najmiddinov ishtirok etdi.  Muzokaralar davomida farmatsevtika sohasini rivojlantirish, aholini sifatli dori-darmon vositalari bilan taʼminlash hamda investitsiyalarni ragʻbatlantirishga qaratilgan davlat siyosati toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etildi. Alohida tarzda Oʻzbekistonning eng yirik farmatsevtik kompaniyalaridan hisoblangan  “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining faoliyati yoritildi. Kompaniyaning respublikamiz boʻylab 14 ta hududiy filiali, 15 ta omborxonasi va 1800 ga yaqin dorixonalari, shu jumladan, shifoxonalar va poliklinikalarida joylashgan  ijtimoiy ahamiyatga ega dorixonalari mavjud. Ozarbayjon kompaniyalari vakillari Oʻzbekiston farmatsevtika bozori tuzilmasini oʻrganish, ishonchli hamkorlarni izlash va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi. Tomonlar oʻzaro muloqotni davom ettirish va qoʻshma investitsiya hamda logistika loyihalari boʻyicha aniq takliflarni tayyorlashga kelishib oldilar. "PASHA Investments" — "PASHA Holding" tuzilmasida faoliyat yurituvchi kompaniya boʻlib, asosan Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyadagi kompaniyalarga investitsiyalar kiritishga yoʻnaltirilgan. Shuningdek, xoldingning portfoliosida bank va moliya, sugʻurta, qurilish, turizm, texnologiyalar va koʻchmas mulkni rivojlantirish sohalari ham mavjud. "Avromed" — Ozarbayjonda yetakchi dori-darmon mahsulotlari yetkazib beruvchi kompaniya boʻlib,  dori vositalari, tibbiy uskunalar, BAD hamda shaxsiy gigiyena vositalari kabi keng turdagi mahsulotlarni taklif etadi. Kompaniya hududdagi ishlab chiqaruvchilar va dorixona tarmoqlari bilan sheriklik munosabatlarini faol rivojlantirib, sifat standartlari va yetkazib berish shaffofligini taʼminlaydi. Ozarbayjon delegatsiyasining “Dori-Darmon”ga tashrifi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam boʻlib, qoʻshma korxonalar tashkil etish, farmatsevtika ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va Oʻzbekistonning eksport salohiyatini rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.

  • 17 Oktyabr, 12:40
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech