09:00 (26.03.2026)
39
Qishloq hududlarida yashovchilar shahar aholisiga nisbatan saratondan ko‘proq vafot etadi va bu farq tobora ortib bormoqda. Bu xulosaga tadqiqotchilar 1969-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda qariyb 28 million o‘lim holatlari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali kelishgan. Tadqiqot natijalari Journal of the National Cancer Institute jurnalida e’lon qilingan.
Hozirgi vaqtda saratondan o‘limning eng yuqori ko‘rsatkichlari qishloq hududlarida qayd etilmoqda, eng past ko‘rsatkichlar esa yirik shaharlarda kuzatilmoqda. Holbuki, 1960-yillar oxirida vaziyat aksincha edi: o‘sha paytda aynan katta shahar aholisi onkologik kasalliklardan ko‘proq vafot etardi.
Bu o‘zgarish erkaklarda 1990-yillarda, ayollarda esa 2000-yillar boshida yaqqol namoyon bo‘la boshladi. Masalan, ilgarilari qishloq joylarda erkaklar o‘rtasida o‘pka saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi shaharlarga nisbatan past edi, ammo so‘nggi yillarda bu 50 foizdan ham ko‘proqqa oshib ketdi.
Mualliflar bu farqni tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarining teng emasligi bilan izohlaydilar. Qishloq hududlarida skrining tekshiruvlari kamroq o‘tkaziladi, davolanish imkoniyatlari cheklangan, xavf omillari yuqoriroq, jumladan chekish kengroq tarqalgan.
Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, natijalar sog‘liqni saqlashdagi tengsizlikning o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Diagnostika va davolash imkoniyatlarini yaxshilash orqali o‘lim holatlari kamayishi va qishloq hamda shahar aholisi o‘rtasidagi farq qisqarishi mumkin.