Yangiliklar

not found

Yosh farmatsevtlar bilan uchrashuv

Yoshlar kuni munosabati bilan Andijon viloyatida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini yanada rivojlantirish hamda soha taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasini e’tirof etish maqsadida qator ma’naviy-ma’rifiy va amaliy tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, “Andijon Dori-Darmon” AJ Boshqaruv raisi Shuxratbek Ro‘ziboyev tashabbusi bilan Jalaquduq tumanida faoliyat yuritib kelayotgan dori-darmon shahobchalarida mehnat qilayotgan yosh xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Mazkur uchrashuv samimiy va ochiq muloqot ruhida, o‘zaro ishonch va konstruktiv fikr almashish muhitida bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida yosh mutaxassislarning farmatsevtika sohasidagi amaliy faoliyati, ularning kundalik ish jarayonida duch kelayotgan muammolari, mavjud imkoniyatlardan foydalanish darajasi hamda kelgusidagi rejalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Boshqaruv raisi tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy yondashuvlar, raqamlashtirish jarayonlari va yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar xususida batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuv jarayonida yosh xodimlar o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etib, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha qator amaliy takliflarni ilgari surdilar. Tadbir yakunida yoshlarning faolligini rag‘batlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va kasbiy o‘sishiga ko‘maklashish bundan buyon ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

  • 30 Aprel, 11:40
  • Batafsil
not found

Alsgeymer kasalligida xotiraning tez yo‘qolishiga sabab nima?

Motivatsiya va o‘rganish bilan bog‘liq neyromediator — dofamin tanqisligi Alsgeymer kasalligida xotiraning yomonlashuvida muhim rol o‘ynashi mumkin. Bu xulosaga Kaliforniya universiteti Irvayn tadqiqotchilari kelgan bo‘lib, natijalar Nature Neuroscience jurnalida e’lon qilingan. Olimlar xotira shakllanishi va ma’lumotlarni gippokampga uzatishda ishtirok etuvchi miya qismi — entorinal qavatga e’tibor qaratgan. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, Alsgeymer kasalligida bu hududda dofamin darajasi meyorning 20 foizidan ham kamayib ketadi. Shu sababli neyronlar eslab qolinishi kerak bo‘lgan signallarga sustroq javob qaytaradi. Xotirani tiklash mumkinmi-yo‘qmi tekshirish uchun tadqiqotchilar dofamin darajasini sun’iy ravishda oshirdilar. Bu esa xotira shakllantirish qobiliyati tiklanishiga olib keldi. Shuningdek, Levodopa qo‘llanilganda ham shunga o‘xshash samara kuzatildi. Ushbu preparat allaqachon Parkinson kasalligini davolashda qo‘llanib kelinmoqda. Avvalroq Alsgeymer kasalligini davolashda asosiy e’tibor amiloid va tau kabi zaharli oqsillarni yo‘q qilishga qaratilgan edi. Biroq yangi tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, dofamin bilan bog‘liq neyron zanjirlar faoliyatining buzilishi ham kam ahamiyatga ega emas. Mualliflar fikricha, dofamin tizimiga ta’sir qilish terapiyaning yangi yo‘nalishiga aylanishi mumkin. Ayniqsa, kasallikning dastlabki bosqichlarida, xotira yomonlashuvi endigina boshlanayotgan paytda bu usul samarali bo‘lishi mumkin. 

  • 30 Aprel, 09:02
  • Batafsil
not found

Britaniyalik 500 ming ko‘ngillining tibbiy ma’lumotlari Xitoyning Alibaba platformasida sotuvga qo‘yildi

Buyuk Britaniyaning UK Biobank loyihasi ishtirokchilaridan olingan tibbiy ma’lumotlar atrofidagi vaziyat jamoatchilik e’tiborini tortdi. UK Biobank — dunyodagi eng yirik biologik, tibbiy va xulq-atvorga oid ma’lumotlar bazalaridan biri bo‘lib, unda yuz minglab ko‘ngillilar sog‘lig‘iga oid ma’lumotlar yig‘ilgan. Ushbu baza butun dunyo olimlari tomonidan turli ilmiy tadqiqotlarda foydalaniladi. Buyuk Britaniyaning raqamli texnologiyalar bo‘yicha vaziri Ian Murrey bildirishicha, 20 aprel kuni hukumatga UK Biobank ma’lumotlari Xitoydagi Alibaba elektron savdo platformalarida bir nechta e’lon orqali sotuvga qo‘yilgani haqida xabar berilgan. Ma’lum qilinishicha, mazkur ma’lumotlar orasida ishtirokchilarning ismlari, manzillari, telefon raqamlari va boshqa shaxsiy identifikatsiya qiluvchi ma’lumotlar mavjud emas. «Uchta e’lon aniqlangan bo‘lib, ularda UK Biobank ishtirokchilarining ma’lumotlari sotilayotgandek ko‘rinadi. Kamida bitta to‘plamda 500 000 nafar barcha ko‘ngillilarning ma’lumotlari mavjud bo‘lishi mumkin”, — dedi u. Hukumat ma’lumotlar sotuvchi bilan bog‘lanib, e’lonlar olib tashlangunga qadar hech qanday xarid amalga oshirilmaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya hukumati Xitoy tomoni va platforma ma’muriyati bilan hamkorlik qilib, e’lonlarni tezkor ravishda o‘chirishga erishgan. UK Biobank rahbari ser Rori Kollinz ishtirokchilarga yo‘llagan murojaatida ushbu holat uchun uzr so‘rab, shaxsiy ma’lumotlar xavfsiz saqlanayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, ushbu voqeadan so‘ng tizim xavfsizligini yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda. Hozirda UK Biobank tadqiqot platformasiga kirish vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, ma’lumotlarni yuklab olish imkoniyatlari qat’iy cheklanmoqda. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, ma’lumotlar qonuniy asosda uchta ilmiy muassasa tadqiqotchilariga berilgan, ammo keyinchalik ular tashqi savdo platformasida paydo bo‘lgan. Bu holat shartnoma shartlarini buzish sifatida baholansa-da, tashkilot tomonidan ma’lumotlar o‘g‘irlanmagani ta’kidlanmoqda. UK Biobank — bu tibbiy tadqiqotlar uchun katta ahamiyatga ega platforma bo‘lib, uning ma’lumotlari genetika, kasalliklarning oldini olish va jamoat salomatligini yaxshilash yo‘nalishlarida faol qo‘llaniladi.

  • 29 Aprel, 09:08
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech