09:20 (17.06.2026)

74

O‘zbekiston va Koreya: Biotexnologiya va farmatsevtika rivojida yangi marralar

O‘zbekiston va Janubiy Koreya tibbiyot hamda farmatsevtika sanoatida yangi hamkorlik davrini ochdi. Imzolangan muhim kelishuvlar innovatsiya va yuqori texnologiyalar yo‘lini belgilab berdi.

"V Toshkent xalqaro investitsiya forumi" doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Koreya biznes-forumi davomida infratuzilma, investitsiyalar, innovatsiyalar, sanoat va yuqori texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. 

Tadbir doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Koreya Respublikasining Korea Overseas Infrastructure & Urban Development Corporation (KIND) korporatsiyasi o‘rtasida “SMART-BIO CLUSTER” innovatsion biotexnologik klasterini tashkil etish loyihasi bo‘yicha Hamkorlik bitimi tuzildi. 

Shuningdek, Janubiy Koreyaning "Kim & Kim" kompaniyasi bilan biofarmatsevtika sohasida huquqiy qo‘llab-quvvatlash, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va tajriba almashishga qaratilgan Anglashinuv memorandumi imzolandi. 

Forum doirasida o‘tkazilgan B2B va G2B uchrashuvlarda farmatsevtika sohasiga investitsiyalar jalb qilish, innovatsion ishlanmalarni joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi. 

Imzolangan kelishuvlar O‘zbekistonda innovatsion biotexnologiyalar va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni tashkil etish, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish hamda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech