14:42 (22.10.2025)

81

50 turdagi saratonni erta bosqichda aniqlovchi qon tahlili sinovdan oʻtkazildi

Test 99 foiz hollarda insonda saraton yoʻqligini toʻgʻri tashxislagan. Shuningdek, u oʻsimta paydo boʻlgan joyni 10 ta holatdan 9 tasida xatosiz topgan. 

Shimoliy Amerikadagi tadqiqotda 50 dan ortiq turdagi saratonni aniqlay oladigan qon testi sinovdan oʻtkazildi.

Tajriba davomida AQSH va Kanadada 25 ming kishi ishtirok etgan. Ularning orasida har 100 kishidan birida test saraton mavjudligini koʻrsatgan. Keyinchalik tekshirilganda tadqiqot ishtirokchilarining yarmidan koʻpi, yaʼni 62 foizida haqiqatan ham saraton borligi aniqlangan.

Test natijalariga koʻra, saraton aniqlangan bemorlarning yarmidan koʻpida xastalik rivojlanishi erta bosqichda boʻlgan. Test 99 foiz hollarda saraton yoʻqligini toʻgʻri tashxislagan va u saraton boshlangan joyni 10 ta holatdan 9 tasida toʻgʻri topgan.

Eng muhim tomoni, aniqlangan saratonlarning toʻrtdan uch qismi hozircha hech qanday skrining dasturi boʻlmagan turlar, masalan, tuxumdon, jigar, oshqozon, siydik pufagi va oshqozonosti bezi saratoni hisoblanadi.

Testning nomi Galleri boʻlib, uni AQSHning Grail kompaniyasi ishlab chiqqan. Mazkur test saraton oʻsimtasidan ajralgan DNK boʻlaklarini qon orqali aniqlaydi. U hozirda Buyuk Britaniya Milliy sogʻliqni saqlash xizmati (NHS) tomonidan ham sinovdan oʻtkazilmoqda.

Galleri testi koʻkrak, oʻpka, ichak va bachadon boʻyni saratoni uchun oʻtkaziladigan odatiy tekshiruvlar (skrininglar) bilan birgalikda qoʻllanganda saraton holatlarini aniqlash darajasi yetti baravar oshgan. Yaʼni bu test boshqa skrininglar bilan birga ishlatilsa, saratonni erta tashxislash imkoniyati ortadi. Biroq mutaxassislar hali ham qoʻshimcha dalillar kerakligini aytishmoqda.

Buyuk Britaniya Saraton tadqiqotlari tashkilot (Cancer Research UK) ekspertlari fikricha, baʼzan testlar organizmga zarar yetkazmaydigan holatlarni ham saraton deb koʻrsatishi mumkin. Shuning uchun ehtiyotkorlik bilan yondashish va qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazish zarur.

Kelasi yili Angliyada 140 ming bemor ishtirokidagi uch yillik sinov natijalari eʼlon qilinadi. Agar natijalar yaxshi chiqsa, test yana 1 million kishiga qoʻllanadi.

“Bemorlarning koʻpi saraton kech aniqlangani uchun hayotdan koʻz yumadi. Maqsadimiz kasallikni erta aniqlab, davolash imkoniyatini oshirishdan iborat”, – deydi Grail kompaniyasi vakili Sir Harpal Kumar.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech