15:48 (01.12.2025)

97

10 oyda 2 tn 761 kg narkotik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgan

Bugun Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Narkotik va o‘qotar qurollarni nazorat qilish Agentligi, SSV, DXX, Bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mutasaddilari ishtirokida ""Giyohvandlikka qarshi kurash: respublikadagi vaziyat, ko‘rilayotgan choralar va yangi strategiyalar" mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni 2 baravarga, noqonuniy muomaladan olingan narkotiklar musodarasi 67 foizga oshgan bo‘lsa, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi 80 baravarga keskin ko‘paygan.

2024-yilda huquq-tartibot idoralarining sa’y-harakatlari natijasida 5 ta yashirin narkolaboratoriyalar faoliyatiga chek qo‘yilgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyida ushbu ko‘rsatkich 12 tani tashkil etgan.

Joriy yilning 10 oyida respublikada 12 848 ta narkojinoyat aniqlanib, 2 tn 761 kg narkotik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgan hamda iste’molga chiqib ketishining oldi olingan.

Mazkur tahdidlarni bartaraf etish hamda “Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi” ijrosini ta’minlash maqsadida giyohvandlikni oldini olish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Matbuot anjumanida rejada belgilangan muhim yo‘nalishlar yuzasidan davlat idoralari va mas’ul tashkilotlarning vazifalari bayon etildi.

Ushbu reja xavf guruhidagi o‘smirlarni barvaqt aniqlash choralarini kuchaytirish, ta’lim muassasalari va oilalarda profilaktikani mustahkamlash, targ‘ibot-tashviqot ishlarini takomillashtirish, giyohvand moddalar tarqatishning yangi usullari va sxemalarini, shuningdek giyohvandlik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan.

Unda barqaror profilaktika mediamuhitini yaratish, tahdidlarni aniqlash bo‘yicha raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, mahalla, NNT va fuqarolik jamiyatining ishtirokini kengaytirish, shuningdek uyushgan guruhlar va giyohvandlik biznesining “quyi bo‘g‘ini” faoliyatini qat’iy va maqsadli tarzda cheklash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech