Yangiliklar

not found

O‘zbek olimlari virusga qarshi yangi preparat yaratdi

Gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar dunyo aholisining salomatligi uchun eng jiddiy xavflardan biri hisoblanadi. Har yili minglab insonlar virusli kasalliklar bilan kasallanadi. Ayniqsa, kuz va qish mavsumida bunday infeksiyalar tez tarqaladi. O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika sohasida bu borada ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Shu yo‘nalishdagi muhim ilmiy ishlanmalardan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan yaratilgan yangi virusga qarshi preparat hisoblanadi. Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan “SelAgrip” preparati viruslarga qarshi faollikka ega bo‘lib, interferon induktori sifatida baholanmoqda. “SelAgrip” preparati organizmga bevosita virusga qarshi ta’sir ko‘rsatishdan ko‘ra, inson immun tizimini faollashtirish orqali himoyani kuchaytiradi. Ya’ni, preparat organizmda interferonlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Interferonlar esa viruslarga qarshi tabiiy himoya vazifasini bajaruvchi muhim oqsillardan hisoblanadi. Natijada organizm virus bilan kurashishga oldindan tayyor holatga keladi. Bu esa kasallikning og‘ir kechishini kamaytirish, organizmning qarshilik kuchini oshirish hamda infeksiyalarning rivojlanish ehtimolini pasaytirishga xizmat qiladi. Hozirgi kunda, “SelAgrip” dori vositasining barcha normativ-texnik hujjatlari loyihalari tayyorlangan. Virusli kasalliklarning keng tarqalishi sharoitida profilaktika va immunitetni mustahkamlashga qaratilgan preparatlar alohida ahamiyatga ega. “SelAgrip” kabi interferon induktorlari organizmning tabiiy himoya tizimini faollashtirish orqali kasalliklarga qarshi kurashda samarali vosita bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bunday ilmiy ishlanmalar aholi salomatligini mustahkamlash hamda zamonaviy farmatsevtika mahsulotlarini yaratishda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston olimlari tomonidan yaratilgan “SelAgrip” preparati virusli infeksiyalarga qarshi kurashishda istiqbolli ilmiy ishlanmalardan biri sifatida baholanmoqda. Ilmiy izlanishlar asosida yaratilayotgan bunday dori vositalari sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini himoya qilish va milliy ilm-fan salohiyatini namoyon etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

  • 10 Mart, 17:00
  • Batafsil
not found

228 mln bola xavf ostida: jahonda semirish muammosi kuchaymoqda

Jahonda bolalar orasida ortiqcha vazn va semirish muammosi tez sur’atlarda kuchaymoqda. “World Obesity Atlas 2026” hisobotiga ko‘ra, 2040 yilga borib semirishdan aziyat chekayotgan bolalar soni 228 millionga yetadi. Bu tarixda birinchi marta ortiqcha vaznli bolalar soni kamvaznli bolalar sonidan oshib ketishini anglatadi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.  Hisobotda aytilishicha, 2025 yilda dunyoda 5-19 yosh orasidagi 177 million bola semirish muammosiga duch kelgan. 2040 yilga kelib bu ko‘rsatkich 11,9 foizgacha o‘sishi kutilmoqda. Mutaxassislar bu tendensiyani jiddiy xavotirli holat deb baholagan, chunki ortiqcha vazn sog‘liqni saqlash tizimlari va jamiyatga katta bosim keltirishi mumkin. Semirish sur’ati 180 dan ortiq davlatda oshib bormoqda. Ayniqsa, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda bu holat tezroq kuzatilmoqda. Eskpertlar fikricha, bu o‘zgarish global ovqatlanish va turmush tarzidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Tadqiqot mualliflari bolalar semirishining asosiy sabablari sifatida ona salomatligi, erta ovqatlanish tartibi, jismoniy faollikning kamligi, maktab ovqatlanish sifati va bolalik davrida yetarlicha emizishning yo‘qligini ko‘rsatadi. Shuningdek, ortiqcha vazn ko‘plab surunkali kasalliklar — yurak-qon tomir xastaliklari, diabet va hatto ayrim turdagi saraton xavfini oshiradi. Agar vaziyat o‘zgarmasa, 2040 yilga kelib kamida 120 million maktab yoshidagi bolada ortiqcha vazn bilan bog‘liq surunkali kasalliklar alomatlari paydo bo‘lishi mumkin. Shu sababli xalqaro tashkilotlar davlatlarni bolalar ovqatlanishi, sog‘lom turmush tarzi va profilaktika choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda.

  • 5 Mart, 12:00
  • Batafsil
not found

Bolalikdagi tish kariyesi katta bo‘lganda infarkt xavfini 45% ga oshiradi

Kopengagen universiteti olimlari bolalikdagi kariyes va og‘ir milk kasalliklari katta bo'lganda infarkt, insult va ishemik yurak kasalliklari xavfining oshishi bilan bog‘liq ekanini aniqlashdi. Tadqiqot natijalari International Journal of Cardiology jurnalda e’lon qilindi. Tadqiqot 1963–1972 yillar oralig‘ida Daniyada tug‘ilgan 568 778 kishi ma’lumotlariga asoslangan. Olimlar Milliy bolalar stomatologiyasi reyestridagi ma’lumotlarni Milliy bemorlar registridagi yurak-qon tomir kasalliklari yozuvlari bilan taqqoslashgan. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatdiki: bolalikda bir necha marta kariyes bilan og‘rigan odamlarda katta yoshda yurak-qon tomir kasalliklari xavfi tish muammosi kam bo‘lganlarga nisbatan 45% ga yuqori bo‘lgan. Og‘ir gingivitni boshdan kechirganlarda esa xavf 41% ga oshgan. Shuningdek, bolalikda og‘iz bo‘shlig‘i holati qanchalik yomon bo‘lsa, katta yoshda yurak kasalliklari rivojlanish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘lishi aniqlangan. Mualliflar ta’kidlashicha, bu yerda gap to‘g‘ridan-to‘g‘ri sabab-oqibat bog‘liqligi isboti haqida emas, balki statistik bog‘liqlik haqida ketmoqda. Mumkin bo‘lgan mexanizmlardan biri — surunkali yallig‘lanish. Tadqiqotchilar fikricha, bolalikda kariyes va milk kasalliklari paytida yuzaga keladigan yallig‘lanish jarayonlari keyinchalik immun tizimi faoliyatiga ta’sir qilishi va ateroskleroz rivojlanishiga turtki berishi mumkin. Olingan ma’lumotlar parodontit va yurak-qon tomir kasalliklari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatgan avvalgi tadqiqotlar natijalariga mos keladi. Olimlar fikricha, bu xulosalar bolalikdan boshlab stomatologik muammolarning oldini olish muhim ekanini ko‘rsatadi. Bu esa uzoq muddat yurak-qon tomir salomatligini saqlashda muhim omil bo‘lishi mumkin.

  • 3 Mart, 09:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech