18:00 (28.08.2025)
67
Maktabga chiqish yoshida, yaʼni yetti yoshda oʼtkaziladigan tibbiy koʼrik qonda kamqonlik (anemiya), infektsiyalar, buyrak yalligʼlanishi, ichki aʼzolarning noodatiy tuzilishi hamda yurak nuqsonlarini aniqlash imkonini beradi.
Bu haqda Yevropa tibbiyot markazi (EMC)ning bolalar shifokori Inga Lalayan maʼlum qildi.
" Qonning umumiy tahlilini 6–7 yoshdan boshlab muntazam topshirish tavsiya etiladi. Ushbu tahlil orqali kamqonlik (anemiya), infektsiyalar, yalligʼlanish jarayonlari, qon tizimiga doir xavfli kasalliklar, shuningdek, qon ivish jarayonidagi buzilishlar aniqlanishi mumkin.
Peshob umumiy tahlili 6 yoki 7 yoshda topshiriladi, profilaktika maqsadida buyraklar va qorin boʼshligʼi aʼzolarining UZI tekshiruvi esa odatda 3 yoshda, 7 yoshda va 15 yoshda, shuningdek, tibbiy koʼrsatmalarga muvofiq holda oʼtkaziladi. Bunday tekshiruvlar siydik chiqarish tizimi aʼzolarining tugʼma nuqsonlari, glomerulonefrit, shuningdek, buyrak va siydik chiqarish yoʼllarining surunkali yalligʼlanish jarayonlarini aniqlashga yordam beradi. Qorin boʼshligʼi aʼzolarining UZI tahlili orqali ichki aʼzolar tuzilishidagi noodatiy holatlar, shuningdek, ehtimoliy yomon va yaxshi xulqli oʼsmalar, gepatit kabi kasalliklarni fosh etish mumkin», – deydi shifokor.
Shifokorning soʼzlariga koʼra, maktabga tayyorgarlik doirasida 6–7 yoshda oʼtkaziladigan exokardiografiya natijalari asosida tugʼma va orttirilgan yurak nuqsonlari, klapanlar tuzilishidagi miksomatoz oʼzgarishlar, shuningdek, dilatatsion va gipertrofik kardiomiopatiyalar, jumladan, nokompakt miokard turidagi kardiomiopatiyani ham aniqlash mumkin.
Maktabga borish oldidan oʼtkaziladigan elektrokardiografiya (EKG) yurakning oʼtkazuvchi tizimidagi buzilishlar, yurak ritmidagi uzoq tanaffuslar, sezilarli darajadagi ektopik faollik, shu jumladan, har doim ham klinik koʼrikda aniq namoyon boʼlmaydigan arterial fibrillyatsiyasini aniqlashga yordam beradi.
"Roʼyxatda keltirilgan kasalliklarning barchasi xavfli boʼlib, erta tashxis qoʼyishni talab qiladi, shuning uchun oʼquv yili boshlanishidan oldin tibbiy koʼrikdan oʼtishga eʼtiborli boʼlish kerak"-deya xulosa qildi shifokor.
Bundan tashqari, Lalayanning taʼkidlashicha, bolani endokrinolog, LOR shifokor, nevropatolog, oftalьmolog, stomatolog hamda bolalar urologi yoki akusher-ginekolog koʼrigidan ham oʼtkazish tavsiya etiladi.