09:10 (02.09.2025)
82
Har 30 soniyada sayyoramiz boʻyicha bir bemor ogʻir jigar xastaligi yoki virusli gepatit tufayli kelib chiqadigan saratondan vafot etadi.
Qayd etilishicha, virusli gepatitning A, V, S, D va Ye turlari — oʻtkir jigar infeksiyalarining asosiy omillari. Ulardan faqat V, S va D turlari jigar yetishmovchiligi va sirrozi, jigar saratoni xavfini sezilarli darajada oshiradigan surunkali kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Biroq virusni yuqtirgan insonlarning aksariyati oʻz xastaligidan bexabar. Tahlillarga koʻra, hozir dunyoda gepatitning V, S va D turlariga chalingan 300 million nafardan ortiq bemor bor. Har yili ulardan 1,3 million nafardan ziyodi xastalik oqibatida vafot etmoqda.
Shunga qaramay, gepatit boʻyicha milliy harakat rejasiga ega mamlakatlar soni 2025-yilda 59 tadan 123 taga koʻpaygani ijobiy hol. Qolaversa, joriy yilda 129 ta davlat homilador ayollarda gepatit B ni tekshirish siyosatini ishlab chiqdi. Bu 2024-yilga solishtirganda 23 ta koʻp koʻrsatkichdir.
Oʻz navbatida, 147 davlat (ikki yil avval 138 ta edi) yangi tugʻilgan chaqaloqlar uchun gepatit B ga qarshi emlashni joriy qildi.
Lekin hali muammolar koʻp. Masalan, 2024-yilda gepatitning B turi bilan ogʻrigan har sakkiz odamdan faqat bir nafariga, C turi bilan kasallanganlarning esa uchdan bir qismidan sal koʻprogʻiga tashxis qoʻyilgan.
Muolajalar qamrovi borasida ahvol bundan ham yomonroq: gepatit B ga chalinganlarning atigi 3 foizi va gepatit S ni yuqtirganlarning bor-yoʻgʻi 20 foizi zarur davolanish kurslarini olgan, xolos.
Tabiiyki, bu raqamlar JSSTning 2025-yilga moʻljallangan global maqsadlarida koʻzda tutilgan koʻrsatkichlardan ancha kam. Yaʼni diagnostika boʻyicha 60 foiz, muolaja borasida 50 foizlik natija marra sifatida belgilangan.
Vaholanki, bu global maqsadlar roʻyobi 2030-yilgacha 2,8 million kishining hayotini saqlab qolishga, 9,8 million kasallanish holatlarining oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.