18:00 (03.02.2026)
40
Quyi palata majlisida aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarni koʻrsatish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan «Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida»gi va «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida»gi qonunlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida qoʻshimcha xizmatlar hisoblanadigan tibbiy yordam turlari belgilanishini, shuningdek davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan shaxslar tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanish huquqini olishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Yaʼni, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida koʻrsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmidan ortiqcha tibbiy xizmatlar va boshqa xizmatlar qoʻshimcha xizmatlar boʻlib, ular pulli asosda amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda. Oilaviy shifokorning yoki tibbiyot brigadasining yoʻllanmasisiz murojaat qilgan fuqarolarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam ham qoʻshimcha xizmat hisoblanadi. Bundan shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatish mustasno.
Shuningdek, sogʻliqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatiga olishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Xususan, tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga oʻziga tibbiyot sohasida, oliy yoki kasbiy taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi diplom berilgan va davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan shaxslar ega boʻlishi belgilanmoqda. Bunda tibbiyot sohasida oliy yoki kasbiy taʼlim toʻgʻrisidagi diplom berilganda, yakuniy davlat attestatsiyasining natijasiga muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi
Majlisda belgilanayotgan normalar aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlarini samarali taʼminlashga, sogʻliqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etishga, qonunchilik va malaka talablariga mos kelmaydigan shaxslarning tibbiy hamda farmatsevtik faoliyat bilan shugʻullanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.