17:20 (11.09.2025)
41
Hukumat qarori (570-son, 08.09.2025-y.) bilan “Tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, elektron retsept asosida tayinlanadigan dori vositalari Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi kerak.
Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor maʼlumotlari tibbiyot tashkilotida joriy qilingan tibbiy axborot tizimiga kiritiladi hamda avtomatik tarzda “Elektron tibbiy karta” moduliga uzatiladi.
Bemorga dori vositalari mazkur tibbiy axborot tizimida elektron retsept rasmiylashtirish orqali tayinlanadi
Retsept davolovchi shifokor tomonidan elektron tasdiqlash usullarida tasdiqlanib, QR kod avtomatik tarzda qoʻyiladi. Bunda elektron retseptga oid zarur maʼlumotlar avtomatik tartibda “Elektron retsept” moduliga uzatiladi.
Shifokorlarga oʻzlari tomonidan bemorga elektron retsept asosida tayinlangan va chakana realizatsiya qilingan dori vositalari harakatini kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Elektron retseptga oid barcha maʼlumotlar bemorning elektron tibbiy kartasida avtomatik qayd etib boriladi.