12:00 (21.10.2025)

79

“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” — “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasida o‘zbek tili bayrami nishonlandi

Dunyoda millatni millat sifatida ushlab turgan omillar bor. Shulardan biri milliy qadriyatlarimiz, ota-bobolarimiz qarashlarini, millatning ma’naviy qiyofasini belgilab beradigan ona tilimizdir. Shu ma’noda, har yili 21 oktabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab turli tadbirlar tashkil etiladi. Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasida ham yuqori ruhda tashkil etildi.

Tadbirni kompaniya Boshqaruvi raisi v.v.b. A. Kamilov kirish so‘zi bilan ochib, 21 oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan barchani muborakbod etdi hamda yurtimizda o‘zbek tiliga berilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan muhim islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan taraqqiyotimizning yangi bosqichida ona tilimizning rivojiga xizmat qiluvchi ulkan qadamlar tashlanganligi, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini tubdan oshirishga qaratilgan aniq va manzilli chora-tadbirlar ko‘rilganligi, ona tilimizning jamiyatning barcha sohalarida faol qo‘llanilishiga erishish, yosh avlodni tilimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Kuni kecha “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilinganligi va 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish dasturi tasdiqlanganligi va unda belgilangan chora-tadbirlar o‘zbek tilini yurtimiz va jahondagi mavqiyeni yanada mustahkamlash, yosh avlodni tilga mehrini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘zbek tili qoidalariga amal qilish, kompaniya ish faoliyatida rasmiy davlat tilida ish olib borilishi xodimlarning tilga bo‘lgan e’tibor va hurmatining bir na’munasi ekanligini e’tirof etish bilan birga, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida tez-tez uchraydigan ruscha atamalarning o‘zbekcha muqobillari hamda ularni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berishdi.

Ta’kidlash joizki, bunday tadbirlar xodimlar ma’naviyatini yuksaltirish, davlat tiliga bo‘lgan ehtiromni mustahkamlash hamda sohada til madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech