09:00 (28.08.2025)
80
Butun dunyoda homilador ayollarning yarmidan koʼpi ogʼriq va isitmani davolash uchun qabul qiladigan paratsetamol (atsetaminofen) bolalarda asab tizimi rivojlanishining buzilishi xavfi bilan bogʼliq boʼlishi mumkin.
Environmental Health jurnalida chop etilgan metatadqiqot 46 ta ilmiy ishni tahlil qildi. Uning natijalariga koʼra, paratsetamolni qabul qilgan ayollarning farzandlarida diqqat yetishmovchiligi va giperaktivlik sindromi (DYGS), shuningdek, autizm spektri buzilishlari bilan bogʼliq holatlar qayd etilgan. Tadqiqotlarning yarmida ushbu dorini qoʼllash va mazkur kasalliklar oʼrtasida statistik jihatdan ahamiyatli bogʼliqlik aniqlangan.
Olimlarning taʼkidlashicha, paratsetamol yoʼldosh orqali tez oʼtadi va gormonal boshqaruv hamda immun jarayonlarga taʼsir qiladi. Shuningdek, u oksidlanish stressini kuchaytirishi mumkin. Bu esa uni shakllanish bosqichidagi bola miyasi uchun xavfli omilga aylantiradi.
Masalan, 20 ta tadqiqotning 14 tasida paratsetamol qoʼllangan hollarda bolalarga DYGS tashxisi koʼyilishi koʼproq qayd etilgan. Sakkizta ishning beshtasida esa u autizm bilan bogʼliqligi koʼrsatilgan.
Mutaxassislar xavf darajasi dori qabul qilingan vaqt va miqdor bilan uzviy bogʼliq ekanini qayd etadi. Dorini uzoq vaqt yoki katta dozada qabul qilishda ehtimoliy salbiy oqibatlar kuchayishi mumkin.
Tadqiqotchilar hozirgi natijalarni yanada aniqlash uchun yirikroq ilmiy loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ular na faqat xavfni tasdiqlash yoki rad etish, balki homilador ayollarda ogʼriq va isitmani davolashning xavfsizroq usullarini izlashni maqsad qilib qoʼymoqda.