09:00 (15.07.2025)

61

Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt yordamida dori vositalariga bozor ehtiyojlari oʻrganilishi kutilmoqda

Oʻzbekistonda 2025—2026-yillarda sunʼiy intellekt texnologiyalari sohasida ustuvor loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi hukumat qarori qabul qilindi. Hujjat bilan shu yillar davomida Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi hamda ularning ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha ustuvor loyihalar roʻyxati tasdiqlandi. 

Unga koʻra, sunʼiy intellekt yordamida dori vositalariga bozor ehtiyojlarini tahlil va prognoz qilish uchun dasturiy mahsulot ishlab chiqiladi. 2025-yil oktyabrgacha tizimni ishlab chiqish va joriy etishda xorijiy tajriba oʻrganilishi hamda loyiha texnik hujjatlari ishlab chiqilishi lozim. 2027-yil fevralidan tizim sinov tariqasida “Farmatsevtik mahsulotlar xavfsizligi markazi” DMda ishga tushiriladi. Oʻsha yilning iyulidan esa tizimni toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan. 

Shuningdek, klinik qarorlar qabul qilishni avtomatlashtirish va qoʻlllab-quvvatlash hamda tibbiy yordam sifatini oshirishga moʻljallangan sunʼiy intellektga asoslangan raqamli tibbiy yordamchi dasturiy taʼminoti ishlab chiqiladi. 2025-yil sentyabrigacha loyiha texnik hujjatlari ishlab chiqiladi, 2026-yil oktyabridan esa tizim sinov tariqasida Toshkentning Olmazor tumanidagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi hamda “Shox saroy” xususiy klinikasida ishga tushiriladi. Oʻsha yilning dekabrida esa tizimni toʻliq ishga tushirish koʻzda tutilgan. 

Bundan tashqari, koʻkrak qafasidagi tugunlar, oʻsmalar, yalligʻlanish jarayonlari va boshqa patalogik oʻzgarishlarni ehtimoliy aniqlash maqsadida sunʼiy intellekt yordamida kompyuter tomografiyasi va rentgen tasvirlarini tahlil qiladigan dasturiy mahsulot ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. 

Sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sanoati sohalaridan tashqari, transport, logistika, va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohalarida, ekologiya, sanoat, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech