13:40 (22.09.2025)

670

Ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasi cheklanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-sentyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan hisobot bilan tanishdi.

Ta’kidlanganidek, butun dunyoda bolalarni ona suti bilan oziqlantirish muammosi dolzarb bo‘lib, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan foydalanish sur’ati ortib bormoqda.

2030 yilga qadar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatkich – 6 oygacha bo‘lgan bolalarning 70 foizi faqat ona suti bilan oziqlantirilishiga erishish maqsadida mamlakatimizda ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlanadi.

Dastur doirasida JSST va YUNISEFning “Ona suti bilan oziqlantirish uchun qulay sharoit yaratuvchi tibbiyot muassasasi” va “Ona suti bilan muvaffaqiyatli oziqlantirish sari 10 qadam” tashabbuslari joriy etiladi. Tibbiyot xodimlarini ona suti bilan oziqlantirish bo‘yicha o‘qitish, homilador ayollar va onalarning bilimini oshirish tadbirlari o‘tkaziladi.

Qonunchilikka ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasini cheklashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, bolalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, import va eksport qilish, tashish, saqlash, sotish va yetkazib berishga oid talablar hamda standartlarni takomillashtirish taklif etildi.

Prezident bildirilgan takliflarni ma’qullab, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish va sifatini oshirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan o‘limni kamaytirish, yosh avlod salomatligini mustahkamlash bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech