14:02 (31.10.2025)

91

“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi  Qonun muhokama qilindi

Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan uch turdagi, yaʼni kasallik munosabati bilan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish, ishni yoki daromadni yo‘qotish bo‘yicha sug‘urta to‘lovlari to‘lanishi belgilanmoqda. Bunday sug‘urta hodisalari yuzaga kelgan taqdirda, jamg‘arma tomonidan sug‘urtalangan shaxslarga va (yoki) ularning oila aʼzolariga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilishi nazarda tutilmoqda.

Jamg‘arma tomonidan davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari ijtimoiy soliqning bir qismi, sug‘urta badallari, O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari, jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobiga shakllantiriladi.

Shuningdek, Qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi kimlarga nisbatan majburiy, kimlarga nisbatan ixtiyoriy asosda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Bunda sug‘urta badali majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi Qonun bilan belgilangan miqdorlarda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan, ixtiyoriy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun minimal miqdori qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadigan to‘lov hisobidan shakllantirilishi qayd etilgan.

Qonunning qabul qilinishi xodimlarning ijtimoiy himoyasini taʼminlashga, ish beruvchilarga yuklatilgan ijtimoiy to‘lovlar yukining yechilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi. Shuningdek, mazkur Qonun ishga qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarga nisbatan kamsitish holatlarining oldini olishiga ham qaratilganligi bilan ham ahamiyatli ekanligi qayd etildi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech