11:00 (25.09.2026)
112
Ultra-ishlov berilgan oziq-ovqat mahsulotlarini (UIOM) ko‘p miqdorda iste’mol qilish yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, semirish, insult, depressiya, xavotirlik va saratonning ba’zi turlari xavfi oshishi bilan bog‘liq.
Family Medicine and Community Health jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot mualliflari shunday xulosaga kelishdi.
Tadqiqotchilar butun dunyo bo‘ylab deyarli 9 million katta yoshli insonlarning ovqatlanishi o‘rganilgan 50 dan ortiq ilmiy ishlarni tahlil qilishdi. Tadqiqotlardagi kuzatuv davri 2 yildan 32 yilgacha davom etgan. Tahlil ma’lumotlariga ko‘ra, ultra-ishlov berilgan ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish yurak-qon tomir kasalliklari xavfining 24% ga, diabet rivojlanishi ehtimolini 24% ga, semirishni esa 23% ga oshirgan.
Qo‘shimcha xavflar saraton kasalliklari bilan ham bog‘liq bo‘lgan, saraton rivojlanish ehtimoli 12% ga oshgan. Depressiya va xavotir darajasi 27 foizga, hazm qilish tizimi kasalliklari 31 foizga, yuqori qon bosimi esa 11 foizga oshgan.
Ultra-ishlov berilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nimalar kiradi?
Ultra-ishlov berilgan oziq-ovqat mahsulotlarga qadoqlangan sneklar, go‘shtli yarim tayyor mahsulotlar, pechenye, tortlar, shirin ichimliklar va ko‘plab tayyor taomlar kiradi. Bunday mahsulotlar tarkibida ko‘p miqdorda qo‘shilgan shakar, tuz va yog‘lar bo‘ladi hamda ular odatda, insonga juda yoqimli ta’m berish uchun maxsus ishlab chiqariladi.
Shu bilan birga, hamma ishlov berilgan ovqatlar ham ultra-ishlov berilgan mahsulot hisoblanmaydi. Masalan, konserva qilingan sabzavotlar, pishloq, non, muzlatilgan meva va sabzavotlar ham qayta ishlanishi mumkin, ammo ular salomatlik uchun xavfli mahsulotlar qatoriga kirmaydi.
Tadqiqotchilar ultra -ishlov berilgan oziq-ovqat mahsulotlarini butunlay ratsiondan chiqarib tashlashga urinmasdan, ularning miqdorini bosqichma-bosqich kamaytirishni tavsiya qilishadi. Muqobil sifatida qo‘shimchalarsiz yangi uzilgan yoki muzlatilgan sabzavot va mevalar, dukkakli ekinlar, yormalar, tuxum, baliq hamda qo‘shimcha tuz, shakar va yog‘ qo‘shilmagan go‘shtni tanlash mumkin.