13:00 (05.12.2025)
121
Ayni kunlarda Tailand Qirolligining Bangkok shahrida Tibbiy buyumlarni tartibga solish talablarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha global ishchi guruhi (GHWP)ning 29 yillik anjumani va Texnik qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu yirik xalqaro tadbirda O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov ham ishtirok etayapti.
Ma’lumot o‘rnida, GHWP — tibbiy jihozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, xavfni baholash, sertifikatlash, bozor nazorati va sifat menejmenti bo‘yicha yagona global yondashuvlarni shakllantiruvchi nufuzli platforma bo‘lib, uning tarkibiga Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Malayziya va yana 30 dan ortiq mamlakatlar kiradi. O‘zbekiston 2024-yilda Kuala-Lumpurda o‘tkazilgan anjumanda tashkilotning to‘laqonli a’zosi etib qabul qilingani — davlatimizning sohadagi islohotlari xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolatdir.
So‘nggi yillarda, Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston ekspertlarining GHWP ishchi guruhlari, texnik qo‘mitalari va akademik tashabbuslardagi faolligi mamlakatimizning global tartibga solish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirdi.
Markaz mutaxassislarining tashabbuslari, texnik hujjatlar tayyorlashga qo‘shgan hissasi hamda xalqaro muhokamalardagi faol ishtiroki GHWP ekspertlari tomonidan e’tirof etildi. O‘zbekiston vakillarining GHWP Akademiyasida spiker sifatida qatnashishi esa mutaxassislarimizning bu yo‘nalishdagi malakasi va amaliy tajribasi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Anjumanda tibbiy jihozlarni tartibga solishning yangi global standartlari, ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlash tartiblarini takomillashtirish, xavfga asoslangan yondashuvlarni kuchaytirish, bozor nazoratini samarali tashkil etish va texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish kabi strategik masalalar muhokama qilinmoqda.
E’tiborlisi, GHWPning yangi rahbariyatini shakllantirish jarayonida Markaz direktori Alisher Temirov GHWP ning Regulyator organlari bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimiga nomzod sifatida ilgari surilib, bir ovozdan ma’qullandi. Bu — O‘zbekistonning tibbiy jihozlar sohasida amalga oshirayotgan islohotlari xalqaro ekspertlar tomonidan tan olinayotgani va mamlakatimizning regulyator hamjamiyatdagi mavqeyi sezilarli darajada kuchayganining muhim ko‘rsatkichidir.
Shuningdek, anjuman kun tartibida 2026-yilda o‘tkaziladigan GHWP Texnik qo‘mita rahbarlari yig‘ilishiga mezbonlik masalasi ko‘rib chiqildi. Muloqotlar yakunida ushbu nufuzli tadbirni Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.