17:51 (28.04.2025)
282
Har bir inson hayoti davomida o‘tkir appenditsitga duch kelish ehtimoli yuqori.
Xastalik asosan 5-40 yoshli odamlarda ko‘p kuzatiladi. 40 yoshdan keyin uning yuzaga kelishi ehtimol past, lekin butunlay uchramaydi, degani emas.
O‘tkir appenditsitning eng asosiy belgisi qorin bo‘shlig‘idagi kuchli og‘riqlar bo‘lib, u asosan kechasi yoki ertalab paydo bo‘ladi. Kataral bosqichda og‘riq birinchi marta butun qorin bo‘shlig‘iga tarqaladi yoki uning yuqori qismida kuzatiladi.
Biroq keyinchalik kindikdan pastga va beldan biroz yuqoriga siljiydi. Vaqt o‘tishi bilan og‘riq tabiati ham o‘zgarib, kulganda yoki yo‘talganda va chuqur nafas olganda kuchayadi.
Qolaversa, ich qotish yoki ich ketishi, tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va qayt qilish appenditsitning asosiy belgilari hisoblanadi.
O‘tkir appenditsit kattalarga qaraganda bolalarda kuchli va tez kechadi. Ya’ni, 6-12 soat o‘tmasidanoq, appenditsit devori chirib, yorilishi va qorin bo‘shlig‘iga yiring tarqalib ketishi mumkin.
Shu bois agar yuqoridagi belgilar kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish lozim.
Appenditsit odatda jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Ba’zida uni olib tashlamasdan, konservativ muolaja qilish mumkin va bu holatda bemorga antibiotiklar buyuriladi.