12:53 (28.04.2025)
197
“Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostidagi ushbu aksiya doirasida barcha hududlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambag‘allik reyestriga kiritilgan aholi orasida kasalliklarni erta aniqlash va bemorlarni yashash hududining o‘zida bepul sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan.
Dastlab asosan poliklinikalarda bepul tibbiy ko‘rik va skrininglar tashkil etiladi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj, keksalar, yotib qolgan nogironligi bor bemorlar maxsus mobil brigadalar tomonidan uy sharoitida tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Tibbiy ko‘rik natijasida aniqlangan bemorlar xavf omillari, kasallik guruhlari (masalan, yurak-qon tomir, endokrin, ruhiy, ko‘z kasalliklari va hokazo) bo‘yicha toifalarga ajratiladi. Shundan so‘ng xastalik tashxisi tasdiqlangan yurtdoshlarimiz uchun individual sog‘lomlashtirish rejasi tuziladi.
Ambulator, uy shifoxonasi va kunduzgi statsionarda salomatligini tiklaydigan aholi vakillariga oilaviy shifokorlik punkti va poliklinikalarda mavjud dori vositalari viloyat mutaxassislarining tavsiyasiga ko‘ra oilaviy shifokor ko‘rsatmasi asosida bepul beriladi.
Tuman markaziy shifoxonasida davolanishi rejalashtirilgan bemorlarga oilaviy shifokor yo‘llanmasi, viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalarida muolaja olishi tavsiya etilganlarga esa imtiyozli yo‘llanmalar rasmiylashtiriladi.
Ehtiyojmand bemorlarga tezkor va manzilli yordam ko‘rsatishga qaratilgan mazkur oylik shu yilning 25-may kuniga qadar davom etadi.