18:00 (18.12.2025)
52
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tizimiga kiruvchi dorixona xodimlari uchun navbatdagi o‘quv-seminar tashkil etildi. Ushbu o‘quv tadbirida farmatsevtlar onlayn va oflayn formatda faol ishtirok etishdi.
Seminar davomida xalqaro farmatsevtika kompaniyasi — Les Laboratoires Servier mutaxassislari ishtirok etib, farmatsevtlar uchun dolzarb bo‘lgan mavzular bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdilar.
Ma’lumot uchun: Les Laboratoires Servier — Fransiyada tashkil etilgan, dunyoning 150 ga yaqin mamlakatlarida faoliyat yurituvchi yirik xalqaro farmatsevtika kompaniyasidir. Kompaniya yurak-qon tomir kasalliklari, onkologiya, endokrinologiya va boshqa muhim terapevtik yo‘nalishlarda innovatsion va yuqori sifatli dori vositalarini ishlab chiqarishi bilan tanilgan.
O‘quv-seminarda reimbursatsiya dasturi doirasida dorixonalarning o‘rni va mas’uliyati alohida ta’kidlandi. Mutaxassislar tomonidan:
- reimbursatsiya tizimining mazmuni,
- dorixonalar orqali aholiga sifatli va maqbul narxda dori vositalarini yetkazish,
- farmatsevtlarning bemorlar bilan ishlashdagi axborot beruvchi roli kabi masalalar keng yoritib berildi.
Qayd etilganidek, dorixona xodimlari reimbursatsiya dasturining samarali ishlashida asosiy bo‘g‘in hisoblanadi va bemorlar uchun to‘g‘ri yo‘naltiruvchi vazifasini bajaradi.
Seminarning muhim qismlaridan biri original va jenerik dori vositalari mavzusiga bag‘ishlandi. Mutaxassislar:
➖ original dorilar — ilmiy tadqiqotlar asosida yaratilgan, samaradorligi va xavfsizligi klinik sinovlar orqali tasdiqlangan dori vositalari ekani;
➖ jenerik dorilar — original preparatning patenti tugaganidan so‘ng ishlab chiqariladigan, tarkibi va ta’sir mexanizmi jihatidan o‘xshash dori vositalari ekani;
➖ har ikki turdagi dorilarni to‘g‘ri tushuntirishda farmatsevtning bilim va maslahati bemor uchun muhim ahamiyatga ega ekaniga alohida e’tibor qaratdi.
Ushbu o‘quv-seminar farmatsevtlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, zamonaviy farmatsevtikadagi yangiliklar bilan tanishish, shuningdek, reimbursatsiya tizimida samarali ishlash uchun muhim bilimlarni mustahkamlashga xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.