16:42 (16.05.2025)
69
"Dori-Darmon" AK kuzatuv kengashi raisi Farxod Abutaliyev hamda Boshqaruv raisi Mirzanozim Dusmuratov rahbarligida kompaniya va uning tarkibidagi jamiyatlar rahbarlari ishtirokida 2025-yil 1-chorak yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida har bir jamiyat rahbarining yil boshidan buyon amalga oshirgan ishlari, natijalar, muammolar haqidagi hisoboti tinglandi.
Aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari bilan o‘z vaqtida uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘rish, ijtimoiy dorixonalar, dorixona filiallari, ko‘chma dorixona faoliyati samaradorligini oshirish, tovar aylanmasi, dori vositalari assortimentini oshirish, GPP sertifikatini olish jarayonlarini tezlashtirish, mavjud dorixona va dorixona shoxobchalarini reimbursatsiya dasturiga ulash uchun Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi bilan shartnomalar tuzish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Bundan tashqari hududiy jamiyatlarning “Dori-Darmon” AK oldidagi qarzdorliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi tahlil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etishga oid chora tadbirlar to‘g‘risida” gi Qaroriga ko‘ra, 2025-yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish belgilangan. Bu borada “Buxoro Dori-Darmon”, “Xorazm Dori-Darmon”, “Samarqand Dori-Darmon” “Navoiy Dori-Darmon” hamda "Qashqadaryo Dori-Darmon" jamiyatlarida dorixona va dorixona shoxobchalarida reimbursatsiya dasturini o‘rnatish ishlari olib borilayotganligi qayd etildi.
Yig‘ilishda barcha jamiyatlar rahbarlariga dorixonalar uchun GPP sertifikatini olish ishlarini jadallashtirish topshirig‘i berildi. Bundan tashqari sohaga oid boshqa muammolar yuzasida fikr almashdi, takliflar ishlab chiqildi.