10:00 (27.10.2025)

53

Bolalarga qanday hollarda ingalyatsiya mumkin emas?

Kuz faslida havo harorati pasayib, organizm sovuq kunlarga moslashib boradi. Bu jarayonda esa turli virus va bakteriyalar taʼsirida gripp hamda oʻtkir respirator virusli infeksiyalar koʻpayadi.

Ayniqsa, bolalarning nafas yoʻllari yuqumli kasalliklariga chalinish koʻrsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan birmuncha ortadi. Bunday holatda koʻpchilik ota-onalar farzandlarini uy sharoitida ingalyatsiya orqali davolashga harakat qiladi. Xoʻsh, bu qanchalik toʻgʻri? Mazkur muolaja usulining afzalliklari nimada? U qachon va kimlarga tavsiya etilmaydi?

Ushbu savollarga oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov batafsil javob berdi:

— Ingalyatsiya – nafas yoʻllariga dorilarni toʻgʻridan-toʻgʻri yuborish usuli boʻlib, bolalar uchun foydali hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Uni, asosan, nafas yoʻllari kasalliklari, bronxit, astma, tonzillit va oʻtkir respirator virusli infeksiyalar (OʻRVI) davrida qoʻllash mumkin. Mazkur davolash usulining afzalligi shundaki, ingalyatsiya yoʻli bilan qilinadigan malham bemorga tez taʼsir koʻrsatadi. Sababi u orqali dori moddalari bevosita hujayralarga yetib borib, xastalik alomatlari yengillashadi.

Ingalyatsiyaning turlari har xil. Ulardan baʼzilari shifokor tavsiyasi bilan amalga oshirilsa, boshqalari uy sharoitida qoʻllanilishi mumkin. Xususan, nebulayzer zamonaviy qurilma boʻlib, dorini aerozol koʻrinishga keltiradi. U bolalar uchun eng maqbul vosita hisoblanadi. Uning foydasi shundaki, dorilar toʻgʻridan-toʻgʻri nafas yoʻllariga tushib, tez taʼsir koʻrsatadi. Nebulayzerga shifokor tavsiyasi asosida berilgan maxsus dori vositalarini qoʻshish mumkin.

Bugʻli ingalyatsiya esa odatda shoʻr va dorivor moddalar qoʻshilgan suv yordamida ishlatiladi. U oʻsmir bolalar uchun samarali hisoblansa-da, kichik yoshdagi bolalarda ehtiyotkorlik bilan qoʻllash lozim.

Shuningdek, aerozolli ingalyatsiya maxsus flakonlarda tarqatiluvchi dorilar bilan amalga oshirilib, astma va allergik reaksiyalar uchun ishlatiladi. Unutmaslik kerakki, baʼzi bemorlarga ingalyatsiya qilish tavsiya etilmaydi. Jumladan, tana harorati 38°S va undan yuqori boʻlganda, oʻpka yoki yurak faoliyatining ogʻir buzilishlarida foydalanish mumkin emas.

 Ingalyatsiya uchun dorilar shifokor tomonidan aniqlangan kasalliklarga muvofiq tanlanadi. Muolajani oʻtkazishda quyidagi qoidalarga amal qilish kerak:

✔️bola tinch holatda boʻlishi va toʻgʻri nafas olishi;
✔️ ingalyatsiyani taomlanishdan kamida 1 soat oldin yoki keyin oʻtkazish;
✔️ muolaja vaqti 5-10 daqiqadan oshmasligi;
✔️ nebulayzer tozaligiga eʼtibor berish va uni har bir qoʻllashdan soʻng yuvish zarur.

Unutmang, ingalyatsiyadan oʻzboshimchalik bilan foydalanish koʻngilsiz holatlarga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois uni qoʻllashdan avval, albatta, shifokor bilan maslahatlashing.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech