09:00 (10.05.2024)

506

AstraZeneca butun dunyo boʻylab koronavirusga qarshi vaksinalarini qaytarib oladi — OAV

Britan-Shved farmatsevtika kompaniyasi AstraZeneca oʻzining koronavirusga qarshi vaksinasini butun dunyo boʻylab sotuvdan qaytarib oladi. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.

Kompaniya ixtiyoriy ravishda “marketing ruxsatnomasi”ni bekor qilganidan keyin vaksinadan endi Yevropa Ittifoqida foydalanish mumkin emas. Vaksinani bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza 5-mart kuni topshirilgan va 7-mayda kuchga kirgan. Shunga oʻxshash arizalar boshqa davlatlar va Buyuk Britaniyaga ham taqdim etiladi.

Avvalroq AstraZeneca koronavirusga qarshi vaksinasi oʻlimga olib keladigan nojoʻya taʼsirga egaligi, yaʼni tromb hosil qilishini tan olgandi. Oksford universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan vaksina bemorlarga jiddiy zarar yetkazgani yoki oʻlimga olib kelgani sababli kompaniyaga qarshi jamoaviy daʼvo qoʻzgʻatilgan. Jabrlanganlar va marhumlarning yaqinlari AstraZeneca kompaniyasidan 100 million funt sterlinggacha (124 million 733 ming dollar) tovon puli talab qilmoqda.

Birinchi bor vaksinaning nojoʻya taʼsiri haqida 2021-yilda xabar berilgan. Oʻshanda vaksina bilan emlanganlardan birida tromb hosil boʻlib, miyasiga qon quyilgan. Bu esa organning tuzatib boʻlmaydigan shikastlanishiga olib kelgan. Kompaniya vaksina trombni keltirib chiqarishi, ammo kamdan-kam hollarda ekanini tan olgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech