Yangiliklar

not found

Haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi

“Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi. 2025/2026 o‘quv yilidan: — sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi; — sport maktablarida ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi; — har bir ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat ta’lim muassasalari biriktiriladi; — ommaviy sport bo‘yicha trener-seleksioner o‘ziga biriktirilgan hududda “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini o‘tkazib borishga mas’ul hisoblanadi. 2025/2026 o‘quv yilidan hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar faoliyati quyidagi yangicha tartibda tashkil qilinadi: — sport turlari bo‘yicha mahorat maktablari tashkil qilinadi; — mahorat maktablari faoliyati sport turlari bo‘yicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yo‘naltiriladi hamda alohida sport turlariga ixtisoslashtiriladi; — mahorat maktablari o‘quvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda 7–11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi; — mahorat maktablari o‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi; — mahorat maktablarida oziq-ovqat bilan ta’minlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to‘lovi undirilmaydi.

  • 20 Dekabr, 09:00
  • Batafsil
not found

Senat 2025-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Senatning ikkinchi yalpi majlisida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi. Ta’kidlanganidek, 2025-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy soha xizmatlari sifatini yanada oshirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va atrof muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra 2025-yilda iqtisodiy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Xususan, Qonunda o‘rta muddatda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik vazifasidan kelib chiqib, 2025-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 431,0 trln so‘m, xarajatlar esa 480,5 trln so‘m miqdorida shakllantirilgan. Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trln so‘mni, xarajatlari esa 344,8 trln so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 66,4 trln so‘m va 62,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Qonunda keyingi yilda ham xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolingan bo‘lib, Davlat byudjeti xarajatlarining 52 foizi yoki 177,7 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Senatorlar Qonunni muhokama qilish jarayonida byudjet daromadlarini oshirishga, byudjet mablag‘larini maqsadli sarflashga alohida e’tibor qaratdi va o‘z fikrlarini bildirdi. Qonunda 2025-yil uchun Davlat byudjeti xarajatlarida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun 3,6 trln so‘m ko‘zda tutilgan. Sog‘liqni saqlash sohasiga esa 41,3 trln so‘mni yoki 2024 yilgi kutilayotgan ijroga nisbatan 19,8 foizga oshgan holda ajratish rejalashtirilmoqda. Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

  • 19 Dekabr, 15:00
  • Batafsil
not found

Tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan ozdiruvchi qahva mahsulotlari ushlab qolindi

Poytaxt aeroportida “Istanbul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan va bojxonadan “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan yo‘lovchilardan biri yo‘l sumkasida 2 turdagi 49 dona “Zerofit” yozuvli paketchali kofelarni olib kirishga uringani aniqlandi. “Toshkent–AERO” IBKning Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘basi xodimlari tomonidan Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa oldindan tezkor kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 5760 dona “Keta” nomli ozdiruvchi qahva mahsulotlari borligi aniqlandi. Har ikkala holatda olib qo‘yilgan qahva mahsulotlari Markaziy bojxona laboratoriyasida bojxona ekspertizasidan o‘tkazilganida, ularning tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi aniqlandi. Hozirda har ikki holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Eslatib o‘tamiz, “sibutramin” Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4-oktyabrdagi 632-son qarori bilan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan hamda respublikamiz hududida muomalasi cheklangan. Ushbu qarorga binoan tarkibida sibutramin, shuningdek, o‘xshash psixoaktiv ta’sirga ega bo‘lgan uning strukturaviy analoglari 2025-yil 1-yanvardan faqat giyohvandlik vositalari va/yoki psixotrop moddalarni saqlash va sotish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan dorixonalar va ijtimoiy dorixonalar orqali ulgurji va chakana realizatsiya qilinadi (sotiladi). "Sibutramin"ning 0,5 grammi jinoiy harakatni tasniflashda ko‘p miqdor hisoblanadi.  Eslatib o‘tamiz, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun qonunchiligimizda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

  • 19 Dekabr, 11:44
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech