Yangiliklar

not found

Dori vositalarni dorixonadan boshqa joyda sotish mumkinmasmi?

Bu savolga Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori maslahatchisi Muhabbat Ibragimova javob berdi: Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan, "Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizomning 10-bandiga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni dorixonalardan tashqarida sotish taqiqlangan. Va bu borada qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Jumladan: ♦ Agar dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilingan dori vositasi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lmasa, bu holat bo‘yicha (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165¹-moddasiga muvofiq) — mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. ♦ Shuningdek, dorixonalar va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilingan dori vositalari tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lsa, hamda shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa (Jinoyat kodeksining 186³-moddasiga muvofiq), — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ma’lumot o‘rnida, Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi 818-son qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, unda 78 turdagi kuchli ta’sir qiluvchi modda jumladan, 4 turdagi “Zaleplon”, “Pregabalin”, “Tropikamid”, “Siklopentolat” dori vositalari o‘rin egallagan. Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha dorixona xodimlaridan o‘z faoliyatlarini amalga oshirishda dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibiga qat’iy rioya qilishlarini so‘rab qolaman.

  • 15 Avgust, 18:05
  • Batafsil
not found

JSST Afrikada maymun chechagi epidemiyasini favqulodda holat deb e’lon qildi

Mpox (maymun chechagi) virusi so‘nggi oylarda yana global xavf omiliga aylandi. Afrika, Yevropa, Janubiy va Shimoliy Amerika mintaqalarida kasallanish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshdi. Ayniqsa, Kongo Demokratik Respublikasida epidemiologik vaziyat keskinlashdi. Bu yerda yil boshidan buyon 13,7 mingdan ortiq kishi virusning yangi shtammini yuqtirib, ulardan 450 nafari vafot etdi. Keyin xavfli infeksiya Markaziy Afrika Respublikasi, Burundi, Keniya, Ruanda va boshqa mamlakatlar bo‘ylab tarqala boshladi. JSST rahbari Tedros Gebreyesus joriy yil birinchi yarmida kasallanishlar soni o‘tgan yilga nisbatan oshib ketganini ma’lum qilib, tashkilotning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishini chaqirishga qaror qildi. Hozirda JSST tomonidan virus bilan kurashish uchun 1.5 mln dollar ajratilgan va yaqin kunlarda yana mablag‘ yo`naltirish ko`zda tutilgan. JSSTning javob berish rejasi dastlabki 15 million dollarni talab qiladi va agentlik homiylarga murojaat qilishni rejalashtirmoqda. Xalqaro ekspertlardan tarkib topgan ushbu tuzilma majlisi kuni kecha bo‘lib o‘tdi. Uning yakunida mpox epidemiyasi Afrika mintaqasida global favqulodda holat deb e’lon qilindi. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, hozir kuzatilayotgan yangi shtamm virusning avvalgi variantlariga nisbatan bir muncha xavfli. Xususan, uni yuqtirgan bemorlarda o‘lim darajasi 10 foizgacha yetmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti epidemiyani favqulodda holat deb e’lon qilish orqali nafaqat Afrika, balki boshqa mintaqalarda ham kasallikni jilovlash va asoratlarini kamaytirish, jumladan, emlash chora-tadbirlarini kuchaytirishni maqsad qilgan. 

  • 15 Avgust, 16:12
  • Batafsil
not found

Shifokor o‘quvchilar immunitetini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi

Hademay yangi o‘quv yili boshlanadi. Qolaversa, oldimizda — kuz fasli. Demak, qariyb uch oylik tanaffusdan so‘ng bolalar organizmi yana o‘quv mavsumiga, maktab rejimiga moslashishi kerak. Buning uchun pediatr-shifokor Noiba Azimova ota-onalarga o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi: — Immun tizimi — organizmni turli mikrob va infeksiyalardan himoyalovchi qalqon, — deydi mutaxassis. — O‘g‘il-qizlarning tez-tez betob bo‘lishi, xastalik ko‘p qaytalanishi — ularda immunitet zaifligi belgisi. Bunga ko‘pincha maktab o‘quvchilari tanasida vitaminlar tanqisligi, yomon uyqu, noto‘g‘ri ovqatlanish va doimiy psixologik stress sabab bo‘ladi. Chunki maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlar organizmi ma’lum ritmlarga moslashadi. Shu bois bolani yoshligidanoq rejimga ko‘niktirgan ma’qul. Bu — immunitetni mustahkamlashda muhim omil. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari kechqurun soat 21:00 da uyquga yotib, ertalab soat 7:00 da turishi maqsadga muvofiq. Kattaroq yoshdagi bolalar uchun yotish vaqti bir soat – 22:00 gacha surilishi mumkin. Uxlashdan avval kompyuter, planshet yoki telefondan foydalanish uyqu sifatiga salbiy ta’sir qiladi. Oqibatda bosh miyada melatonin gormoni ishlab chiqarish kamayadi. Bu esa tunda kortizol gormoni miqdorini oshiradi. Oqibatda bolada turli kasalliklarga moyillik paydo bo‘ladi. Qolaversa, me’yoriy hordiq immunitetga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uyqu paytida bola organizmidagi metabolizm jarayoni jadallashib, kichkintoylar ayni shu soatlarda yaxshi o‘sadi. Yana bir muhim tavsiya: bola kuniga kamida 4 marta taomlanishi, ya’ni soat 7:30-8:00 da nonushta, 10:30-11:30 da issiq nonushta, 14:00-15:00 da tushlik qilishi, 19:00-19:30da kechki ovqat tanavvul qilishi maqsadga muvofiq. Fast-fud, tezpishar taomlar, gazlangan ichimliklar, “snek”lar, turli shirinliklar o‘quvchilar organizmini tabiiy vitamin va minerallardan mahrum qilishidan tashqari, har jihatdan sog‘lom o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yodlangan osh tuzi, sarxil meva-sabzavotlar iste’moli, suv balansi farzandlarimiz salomatligi uchun muhim. Immunitetni oshirishda tabiiy antioksidant vazifasini o‘tovchi asal va viruslarga qarshi samarali kurashadigan sarimsoq piyozning foydasi katta. A vitamini bilan boyitilgan sabzi va shirin kartoshka, gripp va nafas yo‘llarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda qo‘l keladigan Ye vitaminiga boy yong‘oqlar, albatta, bolalar ratsionida bo‘lishi maqsadga muvofiq. 

  • 15 Avgust, 12:42
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech