10:00 (16.02.2026)
262
Joriy yil 1-mart sanasidan boshlab yurtimizda elektron sigaretalar muomalasi taqiqlanadi.
Mamlakatimizda elektron sigaretalar muomalasining taqiqlanishi, aholi, ayniqsa yoshlar salomatligini muhofaza qilishda muhim qadam boʻladi.
Chunki, еlektron sigaretalar suyuqligi tarkibida nikotin miqdori odatiy sigaretadan kamida 66-martagacha koʻproq boʻlishi mumkin yoki 3 ta quti sigaretadagi nikotin miqdoriga teng. Bundan tashqari, ularda kanserogen, zaharli 80 xil kimyoviy birikmalar va ogʻir metallar mavjud boʻlib, ular inson sogʻligʻi va atrof-muhitga jiddiy xavf tugʻdiradi.
Xususan, nikotinga qaramlik oʻsmirlarda miya rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatib, bilim va qobiliyat pasayadi, ruhiy agressivlik va bronx-oʻpka yalligʻlanishiga olib keladi. Shuningdek, markaziy nerv, oshqozon-ichak tizimlari, buyrak va jigar funksiyasi buzilishi, gipertoniya, insult, infarkt kabi yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfi yuqori.
Koʻpgina zamonaviy elektron sigaretalar aerozoliga sariyogʻ va smetana hidi beruvchi diatsetil moddasi qoʻshiladi. Ushbu modda nafas olinganda oʻpkaning mayda gʻovak toʻqimasi – bronxiolalarning berkilishini keltirib chiqarishi mumkin. Tibbiy amaliyotda bunday holat obliteratsiyalovchi bronxiolit (“bodroqsimon oʻpka” kasalligi) deb ataladi.
Elektron sigareta chekadiganlarda qaramlik odatdagi chekuvchilarga nisbatan tezroq rivojlanadi. Tadqiqotlar koʻrsatishicha, ham anʼanaviy tamaki, ham elektron sigareta chekuvchi yoshlarning 64 foizidan ortigʻida nikotinga qaramlik belgilari koʻproq namoyon boʻladi.
Dunyo mamlakatlarida elektron sigaretalar muomalasini huquqiy jihatdan tartibga solishda turlicha yondashiladi. Xususan, bugungi kunda 37 ta davlatda uning muomalasi taqiqlangan. Ular orasida Braziliya, Norvegiya, Singapur, Turkiya, Hindiston, Eron, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston bor. Shuningdek, Belgiya, Buyuk Britaniyada bir martalik elektron sigaretalarni sotish man qilingan.