Yangiliklar

not found

Hijoma rostdan ham foydalimi, kimlarga tavsiya qilinmaydi?

Hijoma — maxsus uskunalar yordamida vakuum orqali qon oldirish boʻlib, uni baʼzan vakuumli massaj deb ham atashadi. Alternativ va anʼanaviy tibbiyot sohasiga tegishli mazkur jarayon qadimdan mavjud. Unga koʻra, bemorning terisi skalpel yoki igna bilan kesiladi, soʻng shikastlangan joy ustiga vakuumli massaj uchun maxsus idish qoʻyiladi. Yuzaga kelgan bosim tufayli teri idishga soʻriladi va shikastlangan qismdan qon sizib chiqadi. Hijoma Oʻrta Osiyo, Xitoy, Koreya va Sharqiy Yevropa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq davlatlarida qoʻllanadi. Hijoma nima uchun qoʻllanadi? Hijomaning bir nechta shifobaxsh xususiyatlari mavjud, masalan, osteoxondroz va epilepsiyadan tortib jigar, buyrak va oʻt pufagi kasalliklari uchun samarali deb taʼkidlanadi. Ammo hijomaning foydasi olimlar tomonidan rasman tasdiqlanmagan. Ilmiy dalillarga kelsak, hijoma asosan ogʻriq qoldiruvchi vosita sifatida isbotlangan. Masalan, hijoma mushaklar, boʻyin va yelkadagi ogʻriqlar, kuchli bosh ogʻrigʻi, nevralgiya, gerpesda ham qoʻllanadi. Hijoma zarar yetkazishi mumkinmi? Hijomaning salbiy taʼsiri uni qayerda va qanday muhitda oʻtkazishga bogʻliq. Bir martalik igna va skalpeldan foydalanish, kesishdan avval bemor terisini dezinfeksiya qilish kabi xavfsizlik qoidalariga rioya etish lozim. Aks holda OIV, gepatit B va C kabi qon orqali yuqadigan kasalliklar va boshqa infeksiyalarni yuqtirib olish xavfi bor. Hijoma keng qoʻllanadigan Saudiya Arabistoni davlatida 25 000 taga yaqin gepatit C kasalligiga chalingan bemorlar tekshirilgan. Tekshiruv natijalariga koʻra, bemorlarning koʻpgina qismi aynan hijoma orqali gepatitni tasodifan yuqtirib olgan. Hijomaning quyidagi nojoʻya taʼsirlari mavjud: Hijoma qilingan teri qismida shish, chandiq, kuyish, turli yaralar paydo boʻlishi; Teriga infeksiya tushishi; Qichishish va allergik reaksiyalar sodir boʻlishi; Teri ostidagi yogʻ qatlamining yalligʻlanishi; Kamqonlik; Psoriaz va boshqa teri kasalliklari; Kebner fenomeni (teri shikastlanishi); Ong va tushunish bilan muammolar, bosh aylanishi; Koʻngil aynishi, charchoq; Hushdan ketish; Uyqu bilan muammolar. Hijoma tibbiy jarayondir. Baʼzi tibbiy bilim, koʻnikma hamda diplomga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan bajarilgan hijoma yuqoridagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Hijoma man etiladigan holatlar: Ochiq jarohat va teri yaralari; Saraton kasalliklari; Biror ichki organ yetishmasligi; Gemofiliya va boshqa qon kasalliklari; Yuragiga kardiostimulyator oʻrnatilgan insonlar; Bolalar va qariyalar; Homiladorlik; Hayz davri; Xolesterin miqdori oshganda; Yurak va qon-tomir kasalliklari; Oʻtkir yuqumli kasalliklar. Shuningdek, chuqur trombozda va suyak singanda ham hijoma qilish mumkin emas. 

  • 8 Aprel, 16:29
  • Batafsil
not found

JSST salomatlik boʻyicha sunʼiy intellektga asoslangan virtual maslahatchini ishga tushirdi

JSST Jahon sogʻliqni saqlash kuni (7-aprel) arafasida S.A.R.A.H. — generativ sunʼiy intellektga asoslangan takomillashtirilgan empatik javob funksiyasiga ega salomatlik masalalari boʻyicha virtual maslahatchi (konsultant) prototipining ishga tushganini eʼlon qildi. S.A.R.A.H. (Smart AI Resource Assistant for Health) sunʼiy intellektga asoslangan, salomatlik masalalari boʻyicha interaktiv yordamchi degan maʼnoni anglatadi hamda yangi til modellari va eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan tibbiy-sanitariya sohasidagi maʼlumotlarning intellektual generatorlari (avatarlari) evolyutsiyasi natijasidir. Tizim har qanday kompyuter qurilma foydalanuvchisi bilan kechayu-kunduz sakkiz tilda muloqot qilish imkoniga ega boʻlib, salomatlik bilan bogʻliq qator masalalar boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etadi. Bunda sogʻlom turmush tarzi, ruhiy salomatlik yoʻnalishlari ham qamrab olingan boʻlib, foydalanuvchilarga oʻz sogʻligi va farovonligini mustahkamlashga rejali koʻmaklashib boradi. S.A.R.A.H. yordamida foydalanuvchilar butun dunyo boʻylab asosiy oʻlim sabablari, xavf omillari, jumladan, saraton, yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari hamda qandli diabet haqida batafsil maʼlumotglar bilan tanishishlari mumkin. Ular tamaki chekishni tashlash, faol turmush tarziga amal qilish, sogʻlom ovqatlanish, stressdan chiqish va boshqa turli mavzular boʻyicha dolzarb maʼlumotlarni olishlari mumkin. Shuningdek, tizim butun dunyoda salomatlik uchun huquqlarni targʻib qilishning yana bir vositasi boʻlib xizmat qilishi koʻzda tutilgan. “Raqamli texnologiyalar sogʻliqni saqlash sohasining kelajagini belgilab bermoqda va JSSTning ustuvor vazifalaridan biri mamlakatlarga salomatlikni asrash yoʻnalishida raqamli texnologiyalardan foydalanishda koʻmaklashishdir, — dedi JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus. — S.A.R.A.H. salomatlik haqida maʼlumotlar ommabopligini oshirish uchun kelajakda sunʼiy intellektdan qanday foydalanish mumkinligi haqida bizga tushuncha beradi”. S.A.R.A.H.ning yangiligi shundaki, ushbu tizim berilgan algoritm yoki ssenariydan emas, balki real vaqt rejimida javoblar mazmunini aniqroq tanlashga yordam beruvchi generativ sunʼiy intellektdan foydalanadi. Bir vaqtning oʻzida odamlarning oʻzaro muloqotini eslatuvchi rejimda koʻp sonli foydalanuvchilar bilan dinamik, individual oʻzaro aloqani amalga oshiradi. Shuningdek, u javoblarni hamdardlik va bagʻrikenglik ruhida, foydalanuvchi soʻrovining mayda jihatlarini ham inobatga olgan holda taqdim etadi. Eslatib oʻtamiz, ushbu tizimning avvalgi versiyasi “Florens” nomi bilan atalgan boʻlib, undan COVID-19 pandemiyasi davrida muhim tibbiy-sanitariya sohasiga oid maʼlumotlarni tarqatish uchun foydalanilgan.

  • 8 Aprel, 09:02
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech