Yangiliklar

not found

Sogʼliqni saqlash vazirligi jazirama kunlarda salomatlikni qanday saqlash kerakligini aytdi

Yildan yilga yoz mavsumida havo harorati yuqorilab bormoqda. Аlbatta, bunga qator texnogen va tabiiy omillar taʼsir qilyapti. Bunday sharoitda insonlar anomal issiq ob-havoda yashashga koʼnikishiga toʼgʼri keladi. Xoʼsh, yoz chillasini qanday oʼtkazish kerak? — Issiq havoda tabiiy, yorqin rangdagi, paxta matosidan boʼlgan kiyimlarni kiyish maqsadga muvofiq, — deydi Olmazor tumani tibbiyot birlashmasi boshligʼi Аzizbek Nizamov. — Mavsumga mos bunday liboslar terining nafas olishiga imkon yaratadi, tana qizib ketishining oldini oladi. Iloji boricha toʼgʼri tushayotgan quyosh nuridan saqlanishga harakat qilish va bosh kiyim kiyib yurish lozim. Quyosh nuri soat 12:00 dan 16:00 gacha juda faol holatda boʼladi. Shuning uchun bu vaqt oraligʼida koʼchaga chiqishni rejalashtirmagan maʼqul. Аmmo tashqariga chiqishga zarurat boʼlsa, tananing ochiq joylarini quyosh nuridan asrashga harakat qilish kerak. Issiq ob-havoda organizmda suv balansi buziladi hamda koʼp namlik yoʼqotiladi. Shuning uchun jaziramada kuniga 3 litrdan kam boʼlmagan miqdorda suyuqlik ichish zarur. Yoz kunlari chanqoqni olcha, olma va nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron hamda limonli suvlar bosadi. Jazirama kunlarda qahvadan voz kechgan maʼqul. Chunki u issiq kunda charchoqni oshiradi. Shirin va gazlangan ichimliklar ham tavsiya etilmaydi. Issiq ob-havoda spirtli ichimliklardan tiyilish kerak.

  • 8 Iyun, 16:00
  • Batafsil
not found

Dori vositalarining klinik tadqiqotlari oʼtkaziladi

Sogʼliqni saqlash vazirining buyrugʼi bilan Farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʼtkazish tartibi toʼgʼrisida nizom tasdiqlandi (roʼyxat raqami 3439, 05.06.2023 y.). Barcha yangi dori vositalari klinik tadqiqotlarning ijobiy natijasi asosida davlat roʼyxatidan oʼtkaziladi, bundan roʼyxatda belgilangan dori vositalari mustasno (26.10.2023 yildagi PQ-411-son qaror). Tasdiqlangan Farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʼtkazish tartibi toʼgʼrisida nizom quyidagilarni belgilaydi: klinik tadqiqotlarni oʼtkazishga ruxsatnoma olish tartib-taomili; klinik bazada dori vositalarini sinovdan oʼtkazish normalari; klinik tadqiqotlarni oʼtkazish jarayonida tomonlarning huquqlari va majburiyatlari; klinik tadqiqotlar jarayonida mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish va uni koʼrib chiqish. Sogʼliqni saqlash vazirligining 05.06.2023 yildagi 3440-son buyrugʼi bilan 2025 yil 1 yanvargacha boʼlgan muddatda davlat roʼyxatidan oʼtkazmasdan, majburiy sertifikatlash sharti bilan tibbiyot amaliyotida qoʼllash va olib kirishga ruxsat beriladigan, Oʼzbekiston Respublikasida davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan analoglari mavjud boʼlmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʼyxati tasdiqlangan. Roʼyxat 29 ta dori vositalari nomi va 90 ta tibbiy buyumlardan iborat. Hujjatlar Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 05.06.2023 yildan kuchga kirdi.

  • 8 Iyun, 11:46
  • Batafsil
not found

Statsionarlar dori vositalari bilan qanday taʼminlanadi

Davlat tibbiy sugʼurta jamgʼarmasi orqali moliyalashtiriladigan respublika darajasidagi davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bemorlarni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash tartibi toʼgʼrisidagi nizom tasdiqlandi (Sogʼliqni saqlash vazirligi buyrugʼi, roʼyxat raqami 3438, 31.05.2023 y.). Davlat tibbiy sugʼurtasi jamgʼarmasi orqali moliyalashtiriladigan respublika darajasidagi davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bemorlarni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash shifoxona orqali amalga oshiriladi (Prezidentning 26.10.2022 yildagi PQ-411-son qarori). Bunda, alohida holatlarda shifoxonada bemorlar tomonidan olib kelingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlatishga ruxsat berish tartibi Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi. Bemorlarni davolash uchun talab etiladigan dori vositalarining toʼliq hajmda xarid qilinishini taʼminlash uchun shifoxonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridi boʼyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Shuningdek, shifoxonalar tomonidan birlamchi zarur boʼladigan zaxiraning Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablagʼlar hisobidan shakllantirilishi nazarda tutilmoqda. Respublika darajasidagi davlat shifoxonalarida bemorlarni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash tartibi toʼgʼrisidagi nizom quyidagi normalarni oʼz ichiga oladi: ➖ tibbiyot muassasalarida dori vositalari va tibbiy buyumlarga boʼlgan ehtiyojni aniqlash; ➖ dori vositalari va tibbiy buyumlarni xarid qilish va saqlash; ➖ bemorlarni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash. Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 02.06.2023 yildan kuchga kirdi.

  • 8 Iyun, 09:02
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech