Yangiliklar

not found

SSV: Biologik faol qoʻshimchalar davolovchi xususiyatga ega emas!

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda turli kasalliklarni davolashi aytilayotgan biologik faol qoʻshimchalar va tabiiy giyohlarning reklamasi keng tarqalmoqda.  Xususan, yaqinda ozish uchun moʻljallangan, realizatsiya qilish va saqlash taqiqlangan mahsulotlarning roʻyxati eʼlon qilingan edi. Soʻnggi paytlarda esa internet tarmogʻida qandli diabet va uning asoratlaridan xalos etishi vaʼda qilinayotgan biologik faol qoʻshimchalarning reklamasi avj olyapti. — Diabetning ikki turi mavjud boʻlib, birinchisi, organizmda insulin yetarli darajada ishlab chiqarilmasligi, ikkinchisi esa hujayralarning insulinga sezuvchanligi pasayishi natijasida paydo boʻladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari Sevara Faxrutdinova. — Qandli diabetga chalingan insonlarga asosan insulinoterapiya, ayrim hollarda vitaminoterapiya tayinlanishi mumkin.  Qolaversa, bunday bemorlar sogʻlom turmush tarziga rioya qilishi, jismonan faol boʻlishi va qonda qand miqdorini kamaytiruvchi dorilarni muntazam qabul qilishi lozim. Diabetning ikki turini ham davolash jarayoni kompleks yondashuvni talab etib, u biologik faol qoʻshimchalar yordamida olib borilmaydi. Umuman olganda, biologik faol qoʻshimchalar inson organizmining fiziologik holati barqaror boʻlmagan hollarda uning funksional faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallangan boʻlib, ular hech qanday davolovchi xususiyatga ega emas. Shifokorlik amaliyotida biologik faol qoʻshimchalarning “moʻjizaviy” taʼsiriga ishonib, anʼanaviy davolash usullaridan voz kechgan, yaʼni insulin qabul qilishni toʻxtatgan ayrim bemorlarda bir necha kun ichida keton tanachalari paydo boʻlishi va qand miqdori oʻta yuqorilab ketishi holatlari kuzatilgan. Oqibatda bemor giperglekemik koma holatiga tushib qolishi mumkin.  Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan biologik faol qoʻshimchalar qandli diabetga chalingan bemorlarni davolashda samara bermasligi bilan bir qatorda, salomatlikka jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin. Qolaversa, bunday mahsulotlar reklamasida Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining ayrim bandlari talablari buzilishi holatlari kuzatilmoqda. Xususan, mazkur qonunning 35-moddasiga muvofiq ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining reklamasi: - ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uygʻotmasligi; - ularni qoʻllash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni oʻz ichiga olmasligi; - ularning qoʻllanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini oʻz ichiga olmasligi; - sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi kerak. Shunday ekan, turli biologik faol qoʻshimchalarni qabul qilishdan avval, albatta, shifokor bilan maslahatlashing.

  • 15 Mart, 09:00
  • Batafsil
not found

Masʼul rahbarlar faoliyati samaradorligini baholash tizimi yoʻlga qoʻyiladi

"Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident Farmoni (PF-49-son 13.03.2024-y.) qabul qilindi Unga muvofiq, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KRI), ularga erishish boʻyicha “yoʻl xaritalari” hamda ular tomonidan hududlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi Hukumat tomonidan tasdiqlanadi. Samaradorlik koʻrsatkichlariga oʻz vaqtida va sifatli erishilishini taʼminlash va ularning bajarilishini monitoring qilish tizimini raqamlashtirish maqsadida: samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumot har chorakda “samaradorlik.uz” elektron platformasiga kiritiladi hamda unda rahbarlar va ularning oʻrinbosarlari faoliyatining samaradorligi reytingi shakllanadi; har bir samaradorlik koʻrsatkichiga belgilanadigan salmoq oʻlchovi yigʻindisidan kelib chiqib, samaradorlik koʻrsatkichlari ular bajarilishi            -70 foizdan kam boʻlganda – “qoniqarsiz”,            -70 foizdan 85 foizgacha – “qoniqarli”,            -85 foizdan 100 foizgacha – “yaxshi” hamda            -100 foiz va undan yuqori boʻlganda “aʼlo” deb baholanadi. Samaradorlik koʻrsatkichlarining bajarilishida rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish maqsadida: ➖ respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlarini ragʻbatlantirish toʻlovlari miqdori ularning samaradorlik koʻrsatkichlarini baholash natijalaridan kelib chiqib belgilanadi; ➖ chorak yakuni boʻyicha samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish natijalari "qoniqarsiz" deb baholangan rahbarlar va ularning oʻrinbosarlariga ragʻbatlantirish toʻlovlari kelgusi uch oy uchun toʻxtatiladi va ularga nisbatan intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash masalasi koʻrib chiqiladi, bundan Vazirlar Mahkamasi Rayosatida samaradorlik koʻrsatkichlari asoslantirilgan sabablarga koʻra bajarilmaganligi tasdiqlangan hollar mustasno; ➖ yil yakuni boʻyicha samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish natijalari "qoniqarsiz" deb baholangan rahbarlar va ularning oʻrinbosarlariga nisbatan ularning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi koʻrib chiqiladi.

  • 14 Mart, 11:45
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech