Yangiliklar

not found

Boshni yuvib koʻchaga chiqmang, sogʻlik uchun xavfli

Kuz kelib, havo harorati asta-sekin pasaymoqda. Baʼzi insonlar qanday sharoit boʻlmasin, tongda iliq vanna qabul qilishni xush koʻradi. Ayrimlar esa ertalab boshini yuvib, ishga yoki oʻqishga borishga odatlangan. Xoʻsh, bu qanchalik toʻgʻri? Boshni quritmay koʻchaga chiqish qanday oqibatlarga olib keladi? Oliy toifali shifokor Sanjar Mavlonov bu haqda batafsil maʼlumotlar berdi:  — Bugungi kunda ayrim yoshlar orasida ertalab boshni yuvib, koʻchaga chiqish odatga aylangan, — deydi mutaxassis. — Bu holatda ular sochlarni fenda quritishning oʻzi yetarli deb oʻylaydi. Vaholanki, sochlar ildizi va uning ichki qavati 4 soatda ham qurimaydi. Qarabsizki, buning oqibatida insonda jiddiy kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Jumladan, sochlar nam boʻlganda, bosh issiqlikni juda tez yoʻqotadi. Buning natijasida undagi tomirlar torayib, sochlarning ozuqa olishi yomonlashadi va ular toʻkilishni boshlaydi. Albatta bu eng yengil oqibatdir. Shuningdek, ertalab bosh yuvib, sochlarni quritmay koʻchaga chiqish tufayli organizmning immuniteti pasayadi. Ayniqsa, kuzning salqin havosida teri namlik holatini uzoq ushlab turishi tufayli surunkali gaymorit, rinit, frontit, tonzillit va otit kabi kasalliklar qoʻzgʻaydi. Agar bunday xastaliklarga moyillik kuchli boʻlsa, xavf yanada ortadi.  Uchinchi eng jiddiy oqibatlardan biri – uch tomonlama yoki yuzning asab tugunlari nevriti hisoblanadi. Bu ogʻriqli sindrom boʻlib, uni davolash uchun uzoq vaqt talab etilishi mumkin. Boshni quritmasdan koʻchaga chiqishning eng katta xavfi esa meningit, yaʼni bosh miya va orqa miya pardalari yalligʻlanishidir. Bu — kasalliklar guruhi boʻlib, ular virusli yoki bakterial boʻladi. Bunda turli infeksiyalar miya pardalariga kirib, oʻsha yerda rivojlanadi.  Natijada bemor kuchli bosh ogʻrigʻidan shikoyat qiladi. Tana harorati tez-tez 39-40 darajaga koʻtariladi. Eng yomoni, salqin havoda infeksiya xavfi yanada kuchayadi. Agar oʻz vaqtida davo choralari koʻrilmasa, oqibati yomon boʻlishi mumkin. Shu bois yuqorida tilga olingan kasalliklarga chalinmaslik uchun bosh yuvilib, sochlar fenda quritilgach, kamida ikki soatdan soʻng, agar havo harorati juda past boʻlsa, bosh kiyim bilan koʻchaga chiqish maqsadga muvofiq.

  • 30 Sentyabr, 18:00
  • Batafsil
not found

Plastik idishdagi suv odam salomatligi uchun xavfli ekani aniqlandi

Qatardagi Weill Cornell Medicine tadqiqotchilari plastik idishga solingan suvning odam salomatligi va atrof-muhit uchun xavfliligini aniqlashdi. Mualliflarning ta’kidlashicha, plastik idishdagi suv ko‘pincha vodoprovod suvi uchun talab qilinadigan qat’iy sifat va xavfsizlik standartlariga javob bermaydi. Olimlar suvning, ayniqsa, plastik idishlarda uzoq vaqt saqlanganda yoki yuqori harorat ta’sir ko‘rsatganda mazkur idishlardan kimyoviy moddalar ajralib chiqishini ta’kidlashdi. Misol uchun, bu gormonal tizimni buzadigan mikroplastiklar bo‘lishi mumkin. Tahlil qilish uchun olimlar turli manbalardan to‘plangan suv sifati ma’lumotlaridan foydalanishdi. Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, plastik idishdagi suv namunalarida 10 foizdan 78 foizigacha mikroplastiklar va boshqa ftalatlar va bisfenol A kabi ifloslantiruvchi moddalar mavjud bo‘lib, ular oksidlovchi stress va yurak-qon tomir muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Tadqiqot shuningdek, plastik idishlarning atrof-muhitga yetkazadigan zararini ham ko‘rsatdi. Olimlarning fikriga ko‘ra, plastik idishlarning atigi 9 foizi qayta ishlanadi, qolganlari poligonlarda yoki okeanlarda qolib ketadi va u yerda ular ikkinchi eng keng tarqalgan ifloslantiruvchi moddalarga aylanadi. Plastik ishlab chiqarilishi va utilizatsiyasi issiqxona gazlari emissiyasiga sezilarli hissa qo‘shadi. Tadqiqot mualliflari, ayniqsa, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda bir martalik plastik idishlardan foydalanishni cheklash va xavfsiz vodoprovod suvi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘proq choralar ko‘rishga chaqirmoqda. Bu nafaqat atrof-muhitga ta’sirni, balki sog‘liq uchun xavflarni ham kamaytiradi.

  • 30 Sentyabr, 15:15
  • Batafsil
not found

2050-yilga borib 740 milliondan ortiq o‘smir uzoqni ko‘ra olmay qoladi

Xitoylik olimlar tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli tadqiqot natijalari British Journal of Ophthalmology jurnalida chop etildi. 2050-yilga kelib, miopiya bilan og‘rigan bolalar va o‘smirlar soni 740 million kishidan oshishi mumkin: allaqachon butun dunyo bo‘ylab bolalar va o‘smirlarning uchdan biridan ko‘prog‘i miopiyadan aziyat chekmoqda. Guanchjou shahridagi Chjunshan universiteti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, 1990-yildan beri miopiyaning tarqalishi sezilarli darajada oshgani: 1990-2000-yillarda bolalar va o‘smirlarning 24 foizida miopiya qayd etilgan bo‘lsa, 2020–2023-yillarga kelib bu ko‘rsatkich 36 foizga oshgan. Olimlarning prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga borib 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lganlarning taxminan 40 foizida miopiya tashxisi qo‘yiladi. Xulosalar Yevropa, Amerika, Osiyo, Afrika va Okeaniya kabi 50 ta mamlakatdan 5 milliondan ortiq bolalar va o‘smirlar qamrab olingan 276 ta tadqiqot ma’lumotlariga asoslangan. Bu mamlakatlarda qariyb 2 million miopiya holati qayd etilgan. Shu bilan birga, qizlar va yosh ayollarda miopiya tarqalishi o‘g‘il bolalarga qaraganda yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda va bolalarga nisbatan 13-19 yoshlilar orasida ko‘proq uchrashi kutilmoqda. Tadqiqotchilar gender farqlarini qizlarning o‘g‘il bolalarga qaraganda erta balog‘atga yetishi va ochiq havoda kamroq vaqt o‘tkazishi, ko‘proq o‘qishi va o‘quv materiallaridan yaqin masofada foydalanishga moyilligi bilan izohlanishi mumkinligini taxmin qilishdi. Bundan tashqari, olimlar koronavirus pandemiyasi vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkinligini, o‘smirlar pandemiya davrida vaqtini ko‘proq kompyuter ekranlari va gadjetlar oldida o‘tkazishganini aytib o‘tishdi. Olimlar tabiatda ko‘proq vaqt o‘tkazish, sport bilan shug‘ullanish va ekran oldida bo‘lish vaqtini qisqartirishga harakat qilishni tavsiya qilmoqda.

  • 30 Sentyabr, 09:44
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech