17:10 (31.05.2023)

1434

Joriy yilning 1-chorak yakunlari muhokama qilindi

Bugun "Dori-Darmon" aksiyadorlik kompaniyasining "ZOOM"platformasi orqali videokonfrensaloqa shaklida navbatdagi hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Kun tartibida:

- Kompaniya tizimidagi aksiyadordik va masʼuliyati cheklangan jamiyatlarda 2023-yil 1-choragi yakuni boʻyicha tasdiqlangan biznes reja koʻrsatkichlari yuzasidan  amalga oshirilgan ishlar;

- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Qarorida belgilangan topshiriqlar yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar va boshqa bir qator masalalar koʻrib chiqildi.

Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan kompaniyaning moliya direktori v.v.b. I.Abdusalomov joriy yilning birinchi choragida erishilgan yutuqlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar haqida axborot berdi. Qayd etilganidek, 2023-yilning birinchi choragi davomida kompaniya va tizimdagi jamiyatlarning umumiy  tovar aylanmasi 181,2 mlrd.soʻmni, shundan ulgurji tovar aylanmasi 127,4 mlrd. soʻmni,  chakana tovar aylanmasi 53,7 mlrd.soʻmni tashkil etdi.

Tizimdagi aksiyadorlik va masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning tovar aylanmasi biznes reja koʻrsatkichlariga nisbatan  bajarilishi tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Ish va savdo sifatini oshirish, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

 Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan kompaniyaning tijorat direktori N.Husanov axborot berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi  “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan “Fair Tech” yagona axborot tizimi ishga tushirilganligi qayd etildi.

2023-yil 1-maydan ishga tushgan “Fair Tech” tizimi orqali ortiqcha undirilgan pul isteʼmolchilarga qaytarib beriladi. Yaʼni isteʼmolchilar tomonidan dorixonalarda xarid qilingan dori vositalari va tibbiy buyum xarid cheklarning QR-kodi “Soliq” mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtkazilganda belgilangan ustamalardan ortiqcha mablagʻ olinganligi aniqlansa, avtomatik ravishda Raqobat qoʻmitasigaariza yuboriladi. Dorixonaga nisbatan savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy jarima jazosi qoʻllanadi; ortiqcha undirilgan pul dorixonadan isteʼmolchi foydasiga undiriladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan 2023-yil 1-iyuldan boshlab referent narxlari qayd etilmagan yoki qayd etilgan narxdan yuqori boʻlgan dori vositalarini sertifikatlashtirish taqiqlanishi belgilangan. Yigʻilishda dori vositalarini referent narxini belgilashda  Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan  solishtirish kerakligi, referent narxini belgilash amaliyoti haqida ham fikr almashildi. 

 2025-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan majburiy sertifikatlashtirish sharti bilan tibbiyot amaliyotida qoʻllash va kiritishga ruxsat berilgan dori vositalari haqida ham maʼlumotlar berildi.

Hayʼat yigʻilishida kompaniya tizimidagi jamiyatlarda  GDP — Zarur distribyutorlik amaliyoti sertifikatini olish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, omborxonalarni  GDP talablariga moslashtirish masalalari ham muhokama qilindi, zarur maslahatlar, koʻrsatmalar berildi. Bugungi kunda "Dori-Darmon" AK, “Fargʻona Dori-Darmon”, “Toshkent viloyat Dori-Darmon", "Samarqand Dori-Darmon" aksiyadorlik jamiyatlari, "Qoraqalpoq Dari-Darmak" masʼuliyati cheklangan jamiyati GDP sertifikatini qoʻlga kiritgan. Yaqin oylarda “Namangan Dori-Darmon”AJ, “Navoiy Dori-Darmon” AJ, “Buxoro Dori-Darmon” MCHJ, “Qashqadaryo Dori-Darmon” MCHJ hamda “Oʻzbekiston Dori taʼminoti” MCHJ ham GDP sertifikatini olishi kutilmoqda.

Yigʻilishda kompaniya faoliyatiga oid boshqa masalalar ham muhokama etildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech